Surxondaryolik hojilar Makkai Mukarramada ovoz berdi
Ayni kunlarda Surxondaryo viloyatida istiqomat qilayotgan 464 nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida bo‘lib, muborak haj amallarini ado etmoqda.
Bugun ular o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, Makka shahridagi mehmonxonada tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berdi. Jumladan, guruh rahbari, haj amalini bajarayotgan Sariosiyo tumani Gulobod mahallasida yashovchi Abubakr Alimovning ma’lum qilishicha, chekka tumandan muqaddas haj safarida bo‘lib turgan 92 nafar sariosiyoliklar ham tinch, osuda hayot va farovon turmushni yoqlab, o‘z xoxish-irodasini ifoda etdi.




–Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh,–deydi guruh rahbari Abubakr Alimov.– Men Abubakr Alimov Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilganman. Bugungi kunda Saudiya Arabistonida haj amallarini bajarib turibmiz. Bugun ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori mehmonxonaga borib, o‘zimizga munosib nomzodga ovoz berdik. Inshoolloh, O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat!
Shuningdek, O‘zAga viloyatning Denov tumanidan haj safariga ketgan 120, Muzrabot tumanida haj amallarini ado etayotgan 31 nafar fuqaroning ham saylovda ovoz bergani haqida xabar keldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA