Surxondaryolik g‘allakorlarning shashti baland
Surxondaryo viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imini boshlashga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. O‘rim oldidan hududlarda sektorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, fermerlar, mashina-traktor parklari mutasaddilari, tajribali mutaxassislar va mexanizatorlar ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil etilib, texnikalarning mavsumga shayligi ko‘zdan kechirilayotir. Mexanizatorlarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, ish haqi uchun bo‘nak pullari berilmoqda.
Viloyat dehqonlari ob-havo noqulay kelgan joriy yilgi mavsumda 89 ming 325 gektar maydonda g‘alla maysalarini parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Buning uchun suv taqchilligi kuzatilayotgan yilda obi-hayotdan tejab foydalandi. G‘alla maydonlari sifatli sug‘orilib, suspenziya usulida oziqlantirildi. Zararkunandalarga qarshi ishlov berildi.
G‘alla yetishtirishda boy tajribaga ega voha mirishkorlari to‘plangan hosilni isrof qilmay, tez kunlarda yig‘ishtirib olish uchun 141 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etib, mavsumda amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi. 283 ta zamonaviy kombayn va don tashiydigan texnika vositalari mavsumga taxt qilib qo‘yildi.


Muzrabot tumani g‘allakorlari 10 ming 700 gektar maydonda kuzgi boshoqli don parvarishladi. Pishib yetilayotgan donni nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib olish uchun 13 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etildi.
Muzrabot don qabul qilish shoxobchasida o‘tkazilgan seminarda hosilni tez va sifatli o‘rib-yig‘ib olish, don saqlash shohobchalariga yetkazib berish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Kombayn va tashish texniklarining mavsumga shayligi ko‘zdan kechirildi. Yoqilg‘i-moylov materiallarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, g‘alla o‘rim otryadlarini yotoqxona, samovar, qozon, o‘choq, televizor, ko‘rpa-to‘shak va boshqa jihozlar bilan ta’minlash, yuvinish xonalarida barcha sharoitlarni yaratib berishga e’tibor qaratildi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tushuntirishlar berib, tegishli yo‘riqnomalarni tarqatdi.
Bu yilgi mavsumda tumanda boshoqli don ekinlarini qisqa kunlarda o‘rib-yig‘ib olish uchun 30 ta yuqori unumli o‘rim kombayni va 150 dan ortiq don tashish texnikasi shay qilib qo‘yildi.
Mavjud g‘alla maydonlarining har gektaridan 31,2 sentnerdan xirmon ko‘tarishni rejalashtirgan muzrabotlik g‘allakorlar qabul punktlariga 33 ming tonnadan ziyod sara don yetkazib beradi.
Viloyatning boshqa tumanlarida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarlarda ham mavsumda barcha yumushlarni sifatli tashkil etish, mexanizatorlarning unumli mehnat qilishi uchun zarur qulayliklarni yaratish, o‘rim-yig‘imda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalalari muhokama etildi. Texnikalarning mavsumga shayligi ko‘zdan kechirilib, muhim vazifalar belgilab olindi.
Denov tumani boshoqli don parvarishlash va yig‘ishtirib olishda yetarli tajribaga ega. Ayni paytda mirishkor fermerlar pishib yetilayotgan 10 ming 983 gektar maydondagi g‘alla hosilini yig‘ishtirib olishga alohida tayyorgarlik ko‘rdi. Buning uchun 41 ta zamonaviy kombayn jalb etiladi. O‘rim-yig‘imga kirishish oldidan kombaynchi va yordamchilari munosib rag‘batlantirilib, ish haqi uchun avans pullari, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.


Jarqo‘rg‘on tumanida qariyb o‘n ming gektar maydonda boshoqli don parvarishlandi. Tuman g‘allakorlari yaqin kunlarda o‘rim-yig‘imni boshlaydi. Tumanning Oltin tepa mahallasidagi “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligi 30 gektar maydonda boshoqli don yetishtirdi. Tajribali g‘allakor har gektar maydondan 70 sentnerdan hosil olishni rejalashtirmoqda.
–Don rizqimiz, dasturxonlarimiz fayzi, – deydi “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligi rahbari I.Mo‘minov.– G‘alla maysalari parvarishtalab o‘simlik. Uni o‘z vaqtida sug‘orib, oziqlantirgan dehqonning kosasi quruq qolmaydi. Mana, o‘tgan yil erta kuzda sifatli shudgorlangan maydonlarga bug‘doy urug‘ini sepib, bir tekis undirib olgan edik. Uni mehr bilan parvarishladik. Vaqtida sug‘orib, oziqlantirdik. Natijada mo‘l hosil to‘pladik. Bu yil mavjud g‘alla maydonimizdan yig‘ib olinadigan sara donning qariyb 100 tonnasini qabul punktlariga topshiramiz. Shunda ham 110 tonnadan ortiq don o‘zimizda qoladi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarni esa ikkinchi ekinga yeryong‘oq ekish uchun 100 nafar ishsiz aholiga 10 sotixdan bo‘lib bermoqchimiz.


Boshoqli dondan mo‘l hosil to‘plagan g‘allakorlarni oldinda hosilni tez kunlarda sifatli o‘rib-yig‘ib olish mavsumi kutmoqda. G‘alladan bo‘shagan maydonlar esa peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekishga hozirlanadi.
Joriy yilda janubdagi viloyat g‘allakorlari mavjud maydonlardan 685 ming tonnadan ortiq sara don yig‘ib olishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA