Surxondaryoda ustoz va murabbiylar sharaflandi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi «Versal» tantanalar saroyida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan Surxondaryo viloyatining asosiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda viloyatdagi ta’lim tashkilotlari rahbarlari, ilg‘or pedagoglar, ko‘p yillik samarali faoliyati davomida yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faxriy ustoz va murabbiylar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan tabriklab, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat ravnazida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, hududda ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim muassasalarida zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.
[gallery-31724]
Bayram munosabati bilan sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib, kasbiga sadoqati, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh pedagoglar hamda faxriy ustozlar e’tirof etildi. Ularga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim davomida ustozlarning sharafli kasbi, ularning yosh avlodni bilimli, ma’naviyatli va vatanparvar etib tarbiyalashdagi mas’uliyatiga alohida urg‘u berildi. Qalbdan aytilgan samimiy tilaklar va ezgu niyatlar bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tantananing badiiy qismida viloyat san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Ijodkorlarning chiqishlari ustozlarga bag‘ishlangan bayram kechasiga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA