Surxondaryoda savdo yarmarkalari ish boshladi
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va tumanlaridagi markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorlarida arzonlashtirilgan maxsus savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida saxovat, ezgulik va barokatli oyda ish boshlagan yarmarkalarda asosiy turdagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda savdoga chiqarilib, bozorlarda narx-navo asossiz oshib ketishining oldi olinmoqda.

– Oylarning sultoni mohi Ramazonda bu kabi savdo rastalarining tashkil etilgani ham so‘nggi yillarda yurtimizda mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak fazilatlarimizning keng namoyon bo‘layotgani samarasidir, – deydi termizlik Muzaffar Tursunov. – Termiz shahridagi “Yashil dunyo” markaziy dehqon bozoridan savdo qilamiz. Muqaddas oyda bozorda ish boshlagan savdo yarmarkasida oziq-ovqat mahsulotlari narxi ancha arzonligi bizga manzur bo‘ldi. Mol go‘shti, kartoshka va turli mevalardan xarid qildik. Barcha mahsulotlarning sifati ham ko‘ngildagidek ekan.

Viloyatdagi bozorlar hududida Muborak oyda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish, savdo rastalarining tozaligini saqlash hamda sotuvchi va xaridorlarga qulay sharoitlar yaratish, arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Arzonlashtirilgan maxsus savdo yarmarkalari Ramazon oyida uzluksiz faoliyat yuritadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri