Surxondaryoda olti nafar senator saylandi
Saylovda qo‘shma majlisda ishtirok etgan 453 nafar mahalliy kengash deputatlari yashirin ovoz berish yo‘li bilan nomzodlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Avval xabar qilganimizdek, bugun, 16 yanvar kuni Termiz shahridagi Sanat saroyida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy kengashlar deputatlari, viloyat faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati azoligiga Surxondaryo viloyatidan vakillar saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi azosi Sherzodxon Qo‘dratxo‘jaev ochib, Saylov kodeksiga muvofiq Oliy Majlis yuqori palatasiga saylovni o‘tkazish tartib-taomillari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Qo‘shma majlis raisligiga 54- Toqchiyon saylov okrugidan viloyat kengashi deputati A.Ahmedov nomzodini taklif etdi. Taklif bir ovozdan maqullandi.
Qo‘shma majlisda ishchi hayati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati azoligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha Maslahat kengashi, majlis kotibiyati, sanoq komissiyasi azolari ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati azoligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha Maslahat kengashi maxsus ajratilgan xonada senat a’zoligiga nomzodlarni muhokama etgach, vohaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshi biladigan, chuqur huquqiy bilim va yetarli salohiyatga ega, eng obro‘li deputatlarni ilgari surdi. Har bir nomzod alohida muhokama etilib, yashirin ovoz berish byulleteniga kiritildi.
Saylovda qo‘shma majlisda ishtirok etgan 453 nafar mahalliy kengash deputatlari yashirin ovoz berish yo‘li bilan nomzodlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Sanoq komissiyasining xulosasiga ko‘ra, 3-Darband saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, viloyat hokimi T.Bobolov,4-Yangiobod saylov okrugidan Qiziriq tumani kengashi deputati, tumandagi 17-umumta’lim maktabi direktori B.Bo‘taeva, 21-Jarqo‘rg‘on saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi boshqaruvi raisi B.Qodirov, 56-Sariosiyo saylov okrugidan viloyat kengashi deputati “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sanginov, 1-Boysun saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov, 10- Navoiy saylov okrugidan viloyat kengashi deputati, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisi o‘rinbosari O.Soatovlar ko‘pchilik ovoz bilan Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylandi.
Yangi saylangan senatorlar nomidan so‘zga chiqqan viloyat hokimi To‘ra Bobolov yuksak ishonch uchun qo‘shma majlis ishtirokchilariga minnatdorlik bildirib, barcha senatorlarning viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, voha qiyofasini yanada o‘zgartirish yo‘lida samarali faoliyat yuritishiga muvaffaqiyat tiladi.
Majlis yakunida yangi saylangan senatorlarga anvoyi gullar tuhfa qilindi. Ishtirokchilar senatorlar bilan esdalik uchun suratlarga tushdi.
Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi azolari Sh. Qo‘dratxo‘jaev va M.Jo‘raevalar so‘zga chiqdi.