Surxondaryoda g‘alla o‘rim-yig‘imi davom etmoqda
Surxondaryo viloyati g‘allakorlari bu yil 89 ming 325 gektar maydonda boshoqli don yetishtirib, mo‘l hosil to‘pladi. Ayni kunlarda dalalarda pishib yetilgan don 280 dan ortiq zamonaviy kombayn yordamida o‘rib-yig‘ib olinmoqda.
G‘allani isrof qilmay yig‘ishtirib olish uchun 141 o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etilib, kombaynchi va boshqa ishchilarga barcha sharoitlar yaratilgan. Qabul shoxobchalariga Angor tumani dehqonlari 9 ming 171 tonna, Bandixonlik g‘allakorlar 13 ming 520 tonna sara don topshirib, yillik shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi. Qiziriqlik g‘allakorlar 23 ming 437 tonna, muzrabotliklar 23 ming 609 tonna, Termiz tumani mirishkorlari 5 ming 809 tonnalik xirmon bunyod etdi.

Mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, don topshirish rejasini bajargan tumanlarda o‘rtacha hosildorlik 77-80 sentnerni tashkil etdi. Eng ilg‘or fermer xo‘jaliklari har gektar maydondan 100 sentnergacha hosil yig‘ib oldi.
– Bu yil 35,2 gektar maydonda g‘allaning “Alekseyevich” navini parvarishlab, salmoqli hosil oldik, – deydi Angor tumanidagi “Ikki do‘st Surxon Angor” fermer xo‘jaligi rahbari Hasan Muqimov. – Xirmon suvdan ko‘tarilganda har gektaridan 100 sentnerdan don yig‘ib oldik. Rejadan ortiq yetishtirilgan 100 tonnadan ziyod don xo‘jaligimiz ixtiyorida qoldi. Tumanning birinchilardan bo‘lib, boshoqli don topshirish rejasini bajarishga munosib hissa qo‘shganimiz va mehnatimiz munosib rag‘batlantirilganidan xursandmiz. Bugun viloyat hokimi U.Qosimov belgilangan rejani mamlakatimizda birinchi bo‘lib bajargan oltita ilg‘or tumanning sektor va klasterlar, eng ko‘p hosil olgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarini erishilgan yutuq bilan tabriklab, samarali mehnati uchun minnatdorlik bildirdi. Sovg‘alar topshirdi.


Viloyat g‘allakorlarining 685 ming tonnalik ulkan xirmonni qisqa kunlarda bunyod etish uchun dalalarda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA