Surxondaryo xorijiy investorlar uchun jozibador hududga aylanmoqda
Surxondaryo viloyatida 528 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin yillarda ham agrar voha sifatida tanilgan hududda 2024-yil 1,4 milliard dollar, o‘tgan yil 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Joriy yil 3 milliard dollardan ortiq chet el investitsiyasini jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti so‘nggi yillarda Surxondaryo viloyatida ham chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar sonini ko‘paytirmoqda. Yer osti va yer usti boyliklariga serob vohada hozir 311 korxona bilan qo‘shni afg‘onistonlik sarmoyadorlar yetakchilik qilayotir. Milliy iqtisodiyotimizga investitsiya kiritgan yetakchi beshta davlat qatorida rossiyaliklarning 48 ta, tojik birodarlarning 42, Xitoy tadbirkorlarining 33 va turkiyaliklarning 29 ta korxonasi turli mahsulot ishlab chiqarmoqda, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatmoqda. Ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy tarmoqlarga ham chet el sarmoyadorlari e’tibor qaratmoqda.

Viloyatda xorij investitsiyasi ishtirokida korxona tashkil etayotgan sarmoyadorlar energetika, tog‘ kon sanoati va geologiya, turizm va xizmat ko‘rsatish, farmatsevtika, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, uy-joy va qurilish kabi sohalarga katta qiziqish bildirmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ishbilarmonlik faoliyatini yuritish uchun zamonaviy ekotizim yaratish bo‘yicha belgilab berilgan oltita ustuvor yo‘nalish janubdagi vohada chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar safini yanada kengaytirib, hududning boy salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlar viloyatda hududiy investitsiya dasturini ham kengaytirib, yangi-yangi loyihalarni ishga tushirishga katta qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, birgina o‘tgan yil qiymati 815 million dollarga teng 617 ta loyiha ish boshladi. Termiz tumanida “Surxon sendvich” mas’uliyati cheklangan jamiyati qiymati 20 million dollar bo‘lgan bazalt ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirdi. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati barpo etilib, 345 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Endilikda zamonaviy korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki chetga ham eksport qilinmoqda.
O‘tgan yil Qumqo‘rg‘on tumanida foydalanishga topshirilgan “Qumtex Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 57 million dollar qiymatidagi zamonaviy to‘qimachilik fabrikasi ip-kalava ishlab chiqarishdan boshlab, raqobatbardosh to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.

Viloyatda xorijlik va mahalliy investitsiya ishtirokida bo‘y ko‘rsatayotgan bunday korxonalar mamlakat taraqqiyoti, yurt obodligi, iqtisodiyotimiz barqarorligi va aholining tinch, to‘kin turmushiga qaratilgani ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri