Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida 3-sonli texnikum tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qiziriq tumani 3-son texnikumini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi sobiq Qiziriq iqtisodiyot kolleji negizida Qiziriq tumani 3-son texnikumi tashkil etiladi.
Texnikum Surxondaryo viloyati Qizirik tumani “Yangihayot” MFY Bog‘bonlar ko‘chasi 2-uy manzilidagi sobiq Qiziriq iqtisodiyot kollejining bino va inshootlariga operativ boshqarish huquqi asosida joylashtiriladi.
Texnikum Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi tizimida faoliyat yurituvchi davlat muassasasi shaklidagi kasbiy ta’lim tashkiloti hisoblanadi hamda uning faoliyati amaldagi kasbiy ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi asosida va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi hamda o‘quv jarayoni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi.
Texnikumda ichki va tashqi mehnat bozori ehtiyojlari, ish beruvchi tashkilotlarning takliflari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi buyurtmasi asosida kasb va xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi.
Texnikumning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
iqtisodiyot tarmoqlarida o‘rta bo‘g‘in kadrlariga talab yuqori bo‘lgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlashda ichki va tashqi mehnat bozorida takliflarni o‘rganish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash hamda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashni kengaytirish;
kadrlar tayyorlash jarayoniga korxona va tashkilotlarning soha mutaxassislari, malakali xorijiy mutaxassislar hamda oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilarini jalb qilish;
qo‘shma va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish orqali tashqi mehnat bozori ehtiyoji asosida kadrlar tayyorlashni kengaytirish;
mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha ishsiz va band bo‘lmagan aholini qisqa muddatli kasblarga hamda xorijiy tillarga o‘qitish;
tegishli kasbiy ta’lim darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun zarur moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazani yaratish.
Ikki oy muddatda texnikumda o‘quv jarayonini tashkil etish, ta’lim sifatini ta’minlash va o‘quvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.
Texnikumni o‘quv-laboratoriya jihozlari va o‘quv ustaxonalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashda sun’iy intellekt hamda “yashil” iqtisodiyot tendensiyalari ustuvor o‘rin tutadi.
2026-yil 1-mayga qadar texnikumning ustavi tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
2026/2027 o‘quv yili uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Surxondaryo viloyati Kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashi taklifi asosida texnikumga o‘quvchilarni qabul qilish parametrlarini belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
O‘quvchilarni qabul qilish parametrlariga mos ravishda yuqori malakali pedagoglar ishga qabul qilinadi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan birgalikda texnikumga o‘qishga qabul qilingan, xorijda ishlash istagida bo‘lgan o‘quvchilarni xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib, ingliz, nemis, koreys, yapon va rus tillariga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA