Surxondaryo viloyatida ham muddatidan oldin ovoz berilmoqda
Surxondaryo viloyatida referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berib, referendumga o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida” gi qonunida referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egaligi va bu jarayon referendumga o‘n kun qolganida boshlanib, uch kun qolganida tugatilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq Markaziy saylov komissiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish muddatini 2023 yil 19 aprel – 26 aprel kunlariga belgilagan.


9–Surxondaryo okrug komissiyasi hududidagi referendum uchastklarida ham muddatidan oldin ovoz berish milliy qonunchiligimiz talablari asosida ochiq, oshkora amalga oshirilmoqda.
–Viloyat hududidagi saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish uchun barcha sharoit yaratilgan, –deydi 9–Surxondaryo okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov.– Jarayonni okrug komissiyasi muvofiqlashtirib bormoqda. Uchastkalar ovoz beruvchilar umumiy sonining besh foizi miqdoridagi ovoz berish byulletenlari va zarur kanselyariya buyumlari bilan ta’minlangan. Muddatidan oldin ovoz beruvchi o‘z xohishini bildirishi uchun referendum kuni hududda bo‘la olmasligining sabablarini ko‘rsatib, ariza asosida tegishli uchastka komissiyasiga murojaat etishi va ovoz berish byulletenini olib, refrendumga bemalol munosabat bildirishi mumkin. Buning uchun uchastkalar ovoz berishga taxt qilib qo‘yilgan.

Termiz tumanilik Bolta Shermatov va turmush o‘rtog‘i Dilbar Egamberdiyeva kelgusi hafta Toshkent shahriga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanishni rejalashtirgan. Bugun ular o‘zlari yashaydigan Sharof Rashidov nomli mahalladagi 228-referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Konstitutsiya tinch, farovon hayotimiz kafolati, – deydi Dilbar Egamberdiyeva. – Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bilan tanishib, yangilik va o‘zgarishlar mazmunini tushunib oldim. Unda huquq va manfaatlarimiz yanada mustahkamlangan. Mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq katta o‘zgarishlar kiritilgan. Biz qarilik nafaqasidamiz. 30 aprel kuni poytaxtda davolanishda bo‘lamiz. Lekin, referendumga berfarq bo‘lmay, ovoz beriladigan kuni mahallada bo‘lmasligimizni bildirib, uchastka komissiyasiga murojaat etdik. Tegishli tartibda muddatidan oldin o‘z ovozimizni berdik. Endi ko‘nglimiz xotirjam safarga otlanamiz.
Mazkur referendum uchastkasida 2 ming 66 nafar ovoz beruvchi ruyxatga olingan. Ularning 20 yaqini muddatidan oldin ovoz berdi.
Okrug komissiyasi matbuot markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish boshlangan dastlabki kunda viloyatda 2 ming 399 ovoz beruvchi o‘z xoxish-irodasini erkin ifoda etdi. Bugun ham konstitutsiyaviy huquqidan foydalanayotgan muddatidan oldin ovoz beruvchilar tegishli uchastkalariga kelib, asosiy qonunimizdagi o‘zgartish va qo‘shimchalarga muddatidan oldin o‘z munosabatini bildirmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA