Surxondaryo tog‘lariga qor yog‘di
Yilning to‘rt faslida ham insonni o‘ziga maftun etadigan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi baland tog‘ cho‘qqilari va Sariosiyo tumanidagi "Yuqori To‘palang" milliy tabiat bog‘iga qishli-qirovli mavsumning ilk qori tushdi.
Sovuq kunlar eshik qoqayotganidan darak bergan oppoqqina momiq libos osmono‘par hududlarning dengiz sathidan 1 ming 500–2000 metr balandlikdagi tog‘lari bag‘riga zumrad qish mavsumi kayfiyatini ulashdi. Mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda bu hududlarda ob-havo harorati –1 –2 darajagacha pasaygan.

Qish faslining dastlabki qori tog‘lar etagidagi qishloqlar aholisiga o‘zgacha zavq bag‘ishlamoqda. Ular kuzdan tog‘ cho‘qqilarining oppoq qorga burkanayotgani kelgusi yilning dehqon va bog‘bonlari uchun yanada barakali, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lishidan darak bermoqda, deya quvonishmoqda.





Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri