Surxondaryo Mogilyov bilan do‘stlashdi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida bo‘lib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik kabi tarmoqlari bilan yaqindan tanishdi. O‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama manfaatli kelishuvlar imzolandi.
Prezidentimiz g‘oyasi bilan mahalliy hokimliklarga o‘z hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun xorij bilan vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatib, iqtisodiy-investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik o‘rnatish huquqi va vakolati berilgani hududlarning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, eksport hajmini kengaytirish hamda o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham bu huquqdan foydalanish chet davlatlardagi viloyatlar bilan manfaatli hamkorlik memorandumlari tuzish, do‘stlik aloqalarini o‘rnatish va vohani har taraflama yuksaltirishga xizmat qilayotir. Jumladan, keyingi yillarda Surxondaryo viloyati Rossiyaning Novosibirsk, Chelyabinsk, Krasnoyarsk, Tatariston Respublikasi, Xitoyning Xeyludzsyan, Qozog‘istonning Karaganda kabi hududlari bilan yaqin do‘stlik, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

Belarus ko‘p tarmoqli qishloq xo‘jaligi rivojlangan industrial davlat. Mashinasozlik, kimyo, neft, neft kimyosi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati yuksalib borayotgan mamlakat.
Voha delegatsiyasining Belarus Respublikasiga safarining ilk kuni Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Anatoliy Isachenko va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligidagi delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibda uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning tashabbuslari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Surxondaryo va Mogilyov viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro savdo hajmi va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani rivojlantirish, shuningdek, mavjud hamkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va uni 2026-2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" qabul qilindi. Ikki tomonlama boshqa hamkorlik hujjatlari imzolandi.

Delegatsiya a’zolari Mogilyov shahridagi "Mogilyovliftmash" aksiyadorlik jamiyati bilan tanishib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tajribasi o‘rganildi. Surxondaryo viloyatida lift ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
"K.P. Orlovskiy nomidagi Rassvet" aksiyadorlik jamiyatining yirik chorvachilik, bog‘dorchilik va issiqxonachilik xo‘jaliklari bilan tanishuv ham delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Surxondaryoliklar majmuaning chorvachilik tajribasi, bog‘dorchilikda hosildor navlarni mahalliylashtirish, mavjud resurslardan foydalangan holda issiqxonachilikni rivojlantirish o‘rganildi. Chorvachilik va bog‘dorchilik yo‘nalishida hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish ko‘rib chiqildi. Bu hamkorlik janubdagi vohada chorvachilikni rivojlantirib, bog‘dorchilikda yangi navlarni mahalliylashtirish va ishlab chiqarishda resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashadi.


Davlatlarimiz rahbarlari g‘oyasi bilan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va hududlararo aloqalar singari ko‘plab yo‘nalishlar yangi bosqichda rivojlanmoqda. Oliy darajadagi muloqotlar, Prezidentimizning Belarusga rasmiy tashriflari yangi qo‘shma loyihalar va investitsiyaviy kelishuvlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Janubdagi voha delegatsiyasining Belarusga safari ham oliy darajadagi muloqotlarning amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi.

Mamlakatimiz janubidagi voha delegatsiyasining Belarus Respublikasiga safari Minsk viloyatida davom etdi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko uchrashuvida hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

– Muloqotda vohamizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, poliz, quruq meva, uzum, anor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Minsk viloyati bozorlariga muntazam yetkazib berish, ularni sotish uchun maxsus savdo maydonlari va distributsiya tarmog‘ini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi, – deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov. – Farmatsevtika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, dori vositalari va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish, texnologiya va tajriba almashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, texnologiya transferi va investitsiyalarni jalb etish, Minsk viloyati deputatlar Kengashi va Surxondaryo viloyati deputatlar Kengashi o‘rtasida hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan Kelishuvni imzolash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ulug‘bek Qosimovning Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Yu.Gorlov bilan uchrashuvda asosiy e’tibor naslli qoramol yetkazib berish va chorvachilik, o‘simlikshunoslik, baliqchilik, sanoat kooperatsiyasi, dual ta’lim asosida kadrlar tayyorlash hamda o‘zaro mahsulotlar savdosini yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratildi. Surxondaryoda yetishtirilayotgan anor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Mogilyov va Minsk viloyatlaridagi savdo yarmarkalarida namoyish etish, sotish va “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida Belarus mahsulotlarining ko‘rgazma savdosini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Sanoat vaziri A.Kuznetsov bilan muloqotda Belarusda ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining Surxondaryoda taqdimotini uyushtirish, “MAZ” korxonasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni Surxondaryo viloyati fermer va tadbirkorlariga sinov uchun topshirish, “MAZ” korxonasida ishlash uchun o‘zbek kadrlarini tayyorlash va ularni ish joyi bilan ta’minlash, temir yo‘l xizmati uchun turli turdagi vagonlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, “Atlant” korxonasi mahsulotlarini, jumladan, muzlatkichlarning Xitoyda ishlab chiqarilayotgan analoglarga nisbatan texnik, sifat va ekspluatatsion afzalliklarini o‘rganib, Surxondaryoda uni yig‘ish imkoniyatlarini ishlab chiqish, Surxondaryo viloyatiga Belarus Sanoat vazirligi delegatsiyasining amaliy tashrifini tashkil etishga kelishildi.

Ta’lim vaziri A.Ivanets bilan uchrashuv ham samarali bo‘ldi. Xususan, Termiz davlat universiteti bilan axborot texnologiyalari, pedagogika va rus tili yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlar, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Kasbiy ta’lim yo‘nalishida Belarus tajribasi joriy etilib, mutaxassis va o‘qituvchilar, “in vitro” laboratoriyalarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ikki tomon mutaxassislarining tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. “O‘zbekiston kasbiy ta’lim muassasalari – Belarus kasbiy ta’lim muassasalari – Belarus sanoat korxonalari” formatida tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

– Belarus qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyasi va texnik yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik, – deydi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev. – Bu kelishuvni kelgusi yil aprel oyigacha amaliyotga joriy etmoqchimiz.

Safar doirasida O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlash tantanali qabul marosimi ham tashkil etilib, mehmonlar uchun o‘zbek milliy taomlari, Surxon vohasining tabiiy, boldek shirin, ho‘l va quruq mevalari bilan bezatilgan bayram dasturxoni yozildi. Taniqli san’atkorlarimizning qiziqarli konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri