Surxondaryo jinoyatchilikdan xoli hududga aylanadi
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘tgan hafta davomida vohada qayd etilgan jinoyatlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning oldini olishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda mazkur jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqargan omillarni atroflicha muhokama qildi.
Tuman, shahar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi boshqarmalar rahbarlari, sohaga mas’ul quyi tizim xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda mamlakatimizda jinoyatchilikni jilovlash, yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilab olingani ta’kidlandi. Biroq viloyatda alohida toifadagi shaxslarga “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida biriktirilgan ayrim tashkilotlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar lozim darajada bajarilmayotgani jiddiy tanqid qilindi. O‘tgan haftada qayd etilgan jinoyatlar, jumladan, yoshlar va voyaga yetmaganlar jinoyatlarining kelib chiqish sabablari muhokama etildi.

– Jinoyat o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, – dedi viloyat rahbari. – Har bir jinoyatning sababi bor. Uni tahlil qilish faqat huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari vazifasi emas, balki, barchamizning muhim ishlarimizdan biridir. Mahallangizda bola nega jinoyat yoki huquqbuzarlikka qo‘l urdi? Balki, nosog‘lom muhit uni shu ishga yetaklagandir? Ehtimol, nazoratsiz qolgan yoki ijtimoiy muammolari bordir? Masalaning ana shunga o‘xshash tomonlarini chuqur o‘rganishda profilaktika inspektori va mahalla oqsoqollariga yaqindan ko‘maklashishimiz kerak. Shundagina jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yaxshi natijalarga erishish mumkin.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yilning o‘tgan davrida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq ma’naviy muhit ham tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan 9 oyda viloyatda 209 nafar qarovsiz va nazoratsiz hamda ijtimoiy og‘ir ahvoldagi bola Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Ular orasida qiz bolalar ham borligi achinarlidir. Mas’ullarga bunday bolalarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
O‘rganishlar chog‘ida, shuningdek, maktablarda majburiy ta’lim olishi shart bo‘lgan va ta’lim muassasalarida to‘liq o‘qimagan ayrim o‘quvchilarga shahodatnoma yozib berilgani aniqlangan. Yig‘ilishda viloyat hokimi huquqni muhofaza qiluvchi organlardan bunday qaltis ishga qo‘l urganlar harakatiga huquqiy baho berib, aybdorlarni qonun doirasida javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi. Mazkur holatlarni atroflicha o‘rganish, yakunlarini viloyatdagi ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish vazifasi topshirildi.

Yig‘ilishda o‘z ishiga loqayd munosabatda bo‘lgan, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratib bergan mas’ullarni vazifasidan ozod etish, ayrimlariga intizomiy jazo tayinlash masalalarini ko‘rib chiqish yuklatildi. Viloyatni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri