Surxon gilamlari xorijliklarni lol qoldirdi
Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 dan ortiq davlatlar va yurtimiz hunarmandlari o‘zlarining buyumlarini namoyish etmoqda. Shu yerning o‘zida mahsulotlarning savdosi ham tashkil etilib, ko‘pchilik ularni xarid qilmoqda.
O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida xalq amaliy san’ati va hunarmandlikning eng qadimiy turlari, an’analari, o‘ziga xos uslublari va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida alohida o‘ringa ega. Olib borilayotgan islohotlar hunarmandlik sohasida rivojlanish, taraqqiyot yo‘lidan borish imkoniyatini yaratib berdi. Hunarmandlarimiz qo‘l mehnati bilan yaratayotgan mahsulotlar allaqachon jahon bozorida o‘z o‘rnini topgan. Xalqaro hunarmandchilik festivali esa mahsulotlarni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy hunarmandchilik mahsulotlari xorijliklar uchun bebaho sovg‘a. Tadbirda qatnashayotgan chet ellik mehmonlar o‘zbek hunarmandlari tomonidan tayyorlangan milliy ipak matolari, pichoqchilik, misgarlik, gilam mahsulotlarini sovg‘a sifatida olmoqda.
Surxondaryo viloyatidan kelgan hunarmandlarning paviloni ham mehmonlar va yurtdoshlarimiz bilan gavjum. Boysunlik hunarmand, “Shuhrat” medali sohibasi Maftuna Azizova to‘qigan gilamlarga ham ishtirokchilarning qiziqishi katta. U hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan sulolaning oltinchi avlod vakili. Bugungi kunda u yaratayotgan 50 turdagi noyob milliy hunarmandchilik mahsulotlari o‘z bozoriga ega. Quvonarlisi, u yaratayotgan gilamlarga chet ellik sayyohlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Maftuna boshchiligidagi to‘quvchi qizlar olti oy davomida 25 metr uzunlikdagi gilamni to‘qib bitkazdi.
Mutaxassislarning aytishicha, tuya junidan to‘qilgan ushbu gilam issiqlik saqlaydi, elektr tokini o‘tkazmaydi, gard yuqtirmaydi, uzoq vaqt toza saqlanadi. Shuningdek, inson tanasi chiqaradigan xavfli moddalarni ham zararsizlantirish xususiyatiga ega. 25 metrlik gilam bugungi kunda yo‘qolib ketgan naqshlar bilan bezatilgan. Uning xom-ashyosi, bo‘yoqlari tabiiy mahsulotlardan iborat. Hunarmand mazkur gilamni festivalga olib kelgan bo‘lib, bu xorijliklarni ham hayratga solmoqda.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA