Suriyada ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi
“Al Jazeera” telekanali xabar berishicha, Suriya hukumati tomonidan yoqilg‘i narxlari oshirilgach, mamlakatning bir qancha shaharlarida norozilik namoyishlari avj olgan.
Hukumat yakshanba kuni dizel yoqilg‘isi narxini 40 foizgacha, benzinni esa 28 foizga oshirib, buni jahon bozorida yoqilg‘i xarid qilish xarajatlari keskin ortgani bilan izohladi.
Shuningdek, qayta ishlash zavodini ta’mirlash va uning quvvatini kuniga 80 ming barreldan 130 ming barrelgacha oshirish rejalashtirilgani ham narxlar o‘sishiga sabab sifatida ko‘rsatildi. Hama, Xan-Sheyxun va Maarat an-Nu’man shaharlarida o‘tgan namoyishlarda odamlar ko‘chalarga to‘planib, mashina g‘ildiraklarini yoqishgan.
Suriya energetika vaziri Muhammad al-Bashirning ta’kidlashicha, mamlakatda kuniga 102 ming barrel neft ishlab chiqarilayotgan bir vaqtda, ichki ehtiyoj uchun 325 ming barrel talab etilmoqda va farq import hisobiga qoplanmoqda.
“SANA” davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Energetika vazirligi bozor holatiga qarab narxlarni ko‘rib chiqishda davom etishini va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli ishlarni amalga oshirishini ma’lum qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA