Suratda emas, siyratda namuna: Xonqadagi yangi majmua haydovchilik madaniyatini yuksaltiradi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — inson qadrini ulug‘lash va xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Biz uchun bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkor — eng katta qahramondir”. Shu nuqtai nazardan, hududlarda nafaqat ishlab chiqarish, balki zamonaviy ta’lim va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish aholi farovonligining muhim poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xorazm viloyati Xonqa tumani hokimi mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda “Guliston” mahallasidagi “Xonqa Namuna” avtomaktabi faoliyati bilan tanishar ekan, bu yerda yaratilgan sharoitlar zamirida aynan mana shunday ezgu maqsad — ta’lim va bandlikni uyg‘unlashtirish g‘oyasi mujassam ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Tashrif davomida avtomaktabda yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Prezidentimizning “Haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan, o‘rganmasdan olish — bu insonni o‘limga hukm chiqarish bilan barobardir”, degan qat’iy ogohlantirishlari bugun soha mutasaddilari va tadbirkorlar uchun asosiy mezonga aylangan.

“Xonqa Namuna” avtomaktabida yo‘lga qo‘yilgan jahon standartlaridagi avtodrom va zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan o‘quv xonalari aynan sifatli ta’lim berish, yo‘llardagi baxtsiz hodisalarning oldini olish va haydovchilik madaniyatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. Muassasada 80 ta yangi ish o‘rni yaratilgani esa mahalla ahlining bandligini ta’minlashda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Yakunda ta’kidlash joizki, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida sifatli ta’lim berish — inson hayotini asrash bilan barobardir. Davlatimiz rahbarining: “Ta’limga tikilgan sarmoya — kelajakka tikilgan eng foydali sarmoyadir”, degan so‘zlari ushbu maskan misolida o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Tuman hokimi va mutasaddi rahbarlar tomonidan muassasadagi shart-sharoitlar yuqori baholanib, kelgusida bu kabi maskanlar professional haydovchilarni tayyorlashda asosiy bo‘g‘in bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Zero, zamonaviy bilim va yuksak texnika bilan qurollangan yosh haydovchilar ertaga yo‘llarimizdagi xavfsizlik va tartibning mustahkam kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Tashrif davomida berilgan taklif va tavsiyalar ushbu muassasaning nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida namunali markazga aylanishiga zamin yaratdi.
M.Nasriyeva,
O‘zA