Superliganing 10-turi kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 10-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” — “Nasaf” jamoalari bahsi 0:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi.
Qo‘qon shahrida o‘tgan ushbu uchrashuvdagi gollarga Stefan Cholovich va Husayn Norchayev mualliflik qildi. Shu tariqa “Nasaf” o‘z hisobidagi ochkolarini 22 taga yetkazib oldi. “Qo‘qon-1912” esa 12 ochko bilan qoldi. Poytaxtimizdagii “Jar” stadionida o‘tkazilgan "Buxoro" va "Dinamo" klublari bahsi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Natijada “Buxoro”ning ochkolari 7 taga yetgan bo‘lsa, “Dinamo” jamoasi o‘n to‘qqizinchi ochkosiga ega chiqdi.

Va nihoyat 10-turga kelib “Sho‘rtan” o‘z maydonida g‘alabani qo‘lga kiritdi. G‘uzordagi “Markaziy” stadioni “Andijon”ga qarshi o‘tgan o‘yinda mezbonlar 1:0 hisobida g‘olib bo‘ldi. Mazkur uchrashuvdan so‘ng “Sho‘rtan” jamoasi 5 ochkoga ega bo‘ldi. “Andijon” esa 9 ochko bilan qoldi.
Bugun, 18 may kuni “Qizilqum” — “Paxtakor”, “Xorazm” — “Mash’al” va “Bunyodkor” — “Navbahor” jamoalari o‘rtasida 10-tur uchrashuvlari davom ettiriladi.
Dastlab ushbu uchrashuvlar orasida soat 21:00da Navoiydagi "Yoshlar" stadionida boshlanadigan "Qizilqum" va "Paxtakor" o‘rtasidagi o‘yin haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishni lozim ko‘rdik.

Chempionat doirasida ushbu jamoalar 50 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Unda 41 marotaba "Paxtakor" g‘olib kelgan bo‘lsa, 7 bor raqib bilan durang o‘ynagan va 2 marta imkoniyatni boy bergan. "Qizilqum" darvozasiga 137 gol urgan poytaxt jamoasi o‘z darvozasidan 32 to‘p olib chiqqan. Navoiydagi 25 uchrashuvda 20 g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etilgan. Klublarning o‘zaro o‘yinardagi eng yirik hisob 2007 yii Navoiyda o‘tgan bellashuvida qayd etilgan. O‘sha uchrashuvda "Sherlar" mezbonlar ustidan 11:0 hisobida zafar quchgan.
Endi esa Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida soat 19:00 da o‘tadigan “Bunyodkor” — “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar tashlaymiz.
Ikkala klub shu kunga qadar milliy chempionatimiz doirasida jami 38 bora to‘qnash kelgan bo‘lib, mazkur uchrashuvlarda jami 21 marta poytaxt klubi g‘alaba qozongan bo‘lsa, Namangan shahri bosh jamoasi 9 ta bahsda zafar quchgan. Qolgan 8 ta bellashuv durang bilan yakunlangan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA