Superligada so‘nggi olti tur oldidan vaziyat qanday?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 24-tur uchrashuvlarining so‘nggi kunida uchta o‘yin o‘tkazildi. Unda «Paxtakor» va «Navbahor» ochkolarni bo‘lishib olgan bo‘lsa, «Nasaf» va «Lokomotiv» durang o‘ynadi. «Buxoro» esa safarda muhim uch ochkoga ega chiqdi.
Tur doirasidagi markaziy bahsda «Navbahor» va «Paxtakor» jamoalari durang o‘ynadi. Namangan shahridagi «Markaziy» stadionda o‘tgan uchrashuvning 43-daqiqasida Flamarion uzatmasidan so‘ng Zaid Tahsin hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limning 84-daqiqasida esa Umar Adhamzoda uzatmasini Muhammadqodir Hamraliyev golga aylantirib, mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi — 1:1. Qayd etish joizki, mazkur uchrashuvni stadiondan 22 ming 751 nafar muxlis tomosha qildi.
Turning yana bir uchrashuvida Toshkentda «Lokomotiv» va «Nasaf» jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Unda hisob ochilmadi — 0:0. Samarqandda esa «Dinamo» «Buxoro»ni qabul qildi. Uchrashuvning 6-daqiqasida Anvar Hojimirzayev mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda Javohir Ro‘ziyev uzatmasidan keyin Asadbek Jo‘raboyev hisobni tenglashtirdi. 89-daqiqada Nika Kacharava penaltidan aniq foydalanib, «Buxoro»ga g‘alaba keltirdi — 2:1.

Shu tariqa, milliy chempionatimizda o‘tgan 24 ta uchrashuvdan so‘ng Farg‘onaning «Neftchi» klubi 55 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Jamoa raqiblar darvozasiga 56 ta gol kiritib, o‘z darvozasidan 21 ta to‘p olib chiqqan. Bu ko‘rsatkich farg‘onaliklarga to‘plar nisbati bo‘yicha ham ustunlik bermoqda. Toshkentning «Paxtakor» klubi 53 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. «Sherlar» peshqadamdan atigi ikki ochkoga ortda qolmoqda. Demak, chempionlik uchun kurashda har bir uchrashuv va yo‘qotilgan har bir ochko hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.Namanganning «Navbahor» jamoasi 46 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab bergan.
Turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasida 40 ochko to‘plagan «Buxoro» joylashgan. Keyingi o‘rinlarni 39 ochkodan jamg‘argan «OKMK» va «Lokomotiv» band etgan. Qarshining «Nasaf» jamoasi 38 ochko bilan yettinchi, «Qizilqum» 33 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda bormoqda. «Andijon» va «Dinamo» 30 tadan ochko bilan to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni egallagan. «So‘g‘diyona» 29 ochko jamg‘arib, 11, «Surxon» esa 28 ochko bilan o‘n ikkinchi o‘rinda qayd etilgan.
Quyi o‘rinlardagi raqobat ham keskin tus olgan. Hususan, «Qo‘qon-1912», «Bunyodkor» va «Xorazm» jamoalari 23 tadan ochko to‘plab, mos ravishda 13-15-o‘rinlarni egallab turibdi. Muborakning «Mash’al» klubi esa 24 ta uchrashuvda atigi bir marta g‘alaba qozonib, bir marta durang o‘ynagan va 22 bor mag‘lub bo‘lgan. Jamoa 4 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi, 16-o‘rnida bormoqda.
Chempionat yakuniga olti tur qolgan bir paytda «Mash’al»ning eng yaqin raqiblari bilan ochkolar farqi juda katta. Mavjud holatga ko‘ra, jamoa Superligada qolish uchun matematik imkoniyatini yo‘qotgan va quyi ligaga tushishi aniq bo‘lgan.

Superliganing eng yaxshi to‘purarlari bahsida «So‘g‘diyona» hujumchisi Lyupcho Doriyev 15 ta gol bilan yakka peshqadamlik qilmoqda. «Neftchi» vakili Stipe Peritsa 13 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Lokomotiv» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov esa 12 ta gol bilan kuchli uchlikdan joy olgan.
Keyingi o‘rinlarda 10 tadan gol urgan «Buxoro» vakili Sherzod Esanov hamda «Dinamo» a’zosi Anvarjon Hojimirzayev bor. «Nasaf» hujumchisi Bobur Abduxoliqov va «Paxtakor» futbolchisi Dostonbek Hamdamov hisobida esa 9 tadan gol mavjud.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-tur uchrashuvlari 22-26-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Quyida ushbu turdagi uchrashuvlar bilan tanishasiz:
22-oktabr (chorshanba): 18:30 — «Bunyodkor» — «Mash’al»;
23-oktabr (payshanba): 19:00 — «Paxtakor» — «Neftchi», «Buxoro» — «Surxon»;
24-oktabr (juma): 18:00 — «Nasaf» — «So‘g‘diyona»;
25-oktabr (shanba): 16:00 — OKMK — «Qo‘qon-1912», 18:00 — «Qizilqum» — «Lokomotiv», 18:15 — «Dinamo» — «Andijon»;
26-oktabr (yakshanba): 18:30 — «Xorazm» — «Navbahor».
Superliganing navbatdagi, 25-turida chempionlik poygasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda 23-oktabr kuni «Paxtakor» o‘z maydonida «Neftchi»ni qabul qiladi. Ayni paytda jamoalar o‘rtasidagi ikki ochkolik farq mazkur bahsning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA