Superliga: «Paxtakor» yana ochko yo‘qotdi
O‘zbekiston Superligasining 19-turi shiddatli bahslarga boy o‘tdi. So‘nggi daqiqalardagi gollar, kutilmagan natijalar va teng kurashlar muxlislarni befarq qoldirmadi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turi doirasidagi «Andijon» — «Xorazm», «Surxon» — OKMK va «Dinamo» — «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi bahslar kutilmagan natijalar bilan o‘z yakuniga yetdi.
Dastlab, Andijonda «Andijon» jamoasi «Xorazm»ni qabul qildi. «Bobur Arena» stadionida kechgan bahsda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golni 87-daqiqada Martin Boake kiritdi.
Olmaliqda «Surxon» va OKMK jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hisobi ochilmadi. Samarqandda «Dinamo» va «Paxtakor» to‘qnashuvi ham durang bilan yakunlandi. O‘yinda hisobni 62-daqiqada Hojimat Erkinov ochdi. 85-daqiqada Firdavs Abdurahmonov mezbonlar safida gol urib, jamoasiga durangni taqdim etdi — 1:1.
Bugun, 26-avgust kuni 19-turning qolgan uchrashuvlari o‘tkaziladi. Toshkentda «Lokomotiv» — «Bunyodkor», G‘uzorda esa «Mash’al» — «Navbahor» klublari o‘zaro raqobatlashadi. Bu bahslar soat 19:00 da boshlanadi. Navoiyda «Qizilqum» «Nasaf»ni qabul qiladi. Ushbu uchrashuv soat 20:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA