Superliga: OKMK irodali g‘alaba qozondi, “Paxtakor” ochko yo‘qotdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 12-turi doirasida navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kunning eng murosasiz bahsida OKMK “Navbahor” ustidan irodali g‘alabaga erishdi, “Paxtakor” esa o‘z maydonida “Lokomotiv” bilan durang qayd etdi.
Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o‘tkazilgan bahsda “Navbahor” va OKMK jamoalari muxlislarga keskin kurash taqdim etdi. Uchrashuvda mezbonlar ikki bor hisobda oldinga chiqqan bo‘lsa-da, Olmaliq klubi vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi va qo‘shimcha vaqtda kiritilgan gol evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Muborakdagi “G‘uzor Markaziy” stadionida kechgan bahsda “Mash’al” “Qo‘qon-1912” ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu natija mezbonlarga turnir jadvali uchun muhim uch ochko keltirdi. Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida esa “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari g‘olibni aniqlay olmadi. Hisob 1:1 ko‘rinishida yakunlanib, har ikki jamoa bir ochkodan jamg‘ardi.
12-tur doirasidagi yana ikki uchrashuv 18-iyul kuni soat 20:00 da start oladi. Navoiydagi “Yoshlar” sport majmuasida “Qizilqum” “Dinamo”ni qabul qilsa, Andijondagi “Bobur Arena”da “Andijon” va “Surxon” jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA