Superliga: "Nasaf" va "Surxon" safarda g‘alaba qozondi, Samarqandda esa durang
Superligada 1-davra yakunlandi.
O‘zbekiston Superligasining 15-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Turning markaziy va qiziqarli bahslari muxlislarga taqdim etildi.
"Surxon" Qo'qondan 3 ochko bilan qaytdi
Kunning dastlabki uchrashuvlaridan birida "Surxon" klubi "Qo‘qon-1912" mehmoni bo‘ldi va kichik 1:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
O‘yindagi yagona va g‘alaba goliga 51-daqiqada Richard Fraydey mualliflik qildi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng termizliklar o‘z ochkolarini 18 taga yetkazib, turnir jadvalida 11-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Mag‘lubiyatga uchragan "Qo‘qon-1912" esa 11 ochko bilan 15-pog‘onada qoldi.
"Nasaf" Olmaliqda OKMKni taslim etdi
Turning yana bir qiziqarli uchrashuvi Olmaliqda kechdi. OKMK jamoasi Qarshining "Nasaf" klubini qabul qilib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Uchrashuv mehmonlarning faol hujumlari bilan boshlandi. Golni ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmadi — 8-daqiqadayoq jamoa to‘purari Bobur Abduxoliqov hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda ham ustunlikni saqlab qolgan qarshiliklar 61-daqiqada Sharof Muhiddinovning aniq zarbasi evaziga farqni oshirishdi (0:2).
Mezbonlar 70-daqiqada Avazbek O‘lmasaliyevning goli evaziga javob qaytarishgan bo‘lsa-da, muvozanatni tiklay olishmadi. Muhim g‘alabadan so‘ng "Nasaf" ochkolarini 24 taga yetkazib, 6-o‘ringa ko‘tarildi. Mirjalol Qosimov shogirdlari esa 25 ochko bilan 4-pog‘onani egallab turibdi.
Samarqandda golsiz durang
15-turning so‘nggi bahsi Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy “Dinamo” Farg‘onaning “Neftchi” klubini qabul qildi.
Hujumkor va murosasiz kechgan uchrashuvda har ikki jamoa vakillari bir qator qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishganiga qaramay, darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi — 0:0.
Ushbu durangdan so‘ng "Neftchi" o‘z ta’qibchisi "Paxtakor" bilan ochkolar farqini oshirish imkoniyatini boy berdi. Hozirda farg‘onaliklar hisobida 36 ochko bor, birinchi davrani yakunlagan "sherlar" esa 34 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. "Dinamo" 21 ochko bilan 9-o‘rinda.