Superliga: “Nasaf” g‘alabani ko‘zlamoqda
Bugun, 18 oktyabr kuni milliy chempionatimiz qayta start oladi. Unda “Nasaf” klubi Qarshi shahridagi "Markaziy" stadionida “Surxon” jamoasini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanadi. Bahsni Rustam Lutfullin bosh hakam sifatida boshqarib borsa, unga qanotlarda Ruslan Serazitdinov va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov yordam beradi.
Mazkur uchrashuv oldidan har ikkala jamoaning o‘zaro o‘yinlarida qayd etilgan natijalar bilan tanishtirib o‘tamiz.
“Nasaf” va “Surxon” qarama-qarshiligi 1997 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Bu jamoalar bugunga qadar milliy chempionatda 27 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning 22 tasida “Nasaf” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 o‘yin durang bilan yakunlangan.

“Surxon” esa bor-yo‘g‘i bitta o‘yinda zafar quchgan va ushbu g‘alabaga 25 yil bo‘ldi. To‘plar nisbati esa 70/20 - “Nasaf” foydasiga. Jamoalar so‘nggi bor Superliganing birinchi davrasida may oyida raqobatlashgan bo‘lib, unda 1:0 hisobi qayd etilgan.
Ayni vaqtda “Nasaf” 45 ochko bilan Superliga jadvalida karvonboshilik qilmoqda. “Surxon” esa 25 ochko jamg‘arib, 8-pog‘onada bormoqda.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Superligasining 21-turi 21 oktyabr kuniga qadar davom etadi. Unda “Lokomotiv” – “Bunyodkor”, “Metallurg” – “Andijon”, “Neftchi” – “Navbahor”, “Olimpik” – “Qizilqum”, “So‘g‘diyona“ –“OKMK” bahslari bo‘lib o‘tadi.

Darvoqe, mazkur turning ilk o‘yini 6 oktyabr kuni o‘tkazilgan bo‘lib, unda “Paxtakor” – “Dinamo” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. “Jar” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda “Paxtakor” 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA