Superliga: "Bunyodkor" nihoyat g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha mamlakatimiz Superligasining 8-turi ham o‘tgan turlar kabi kutilmagan natijalar qayd etilgani bilan muxlislar e’tiborini tortdi. Bu turda nihoyat turnir peshqadamlari ham ajrala boshladi. Shuningdek, g‘alaba qozonishi kutilgan jamoalarning kerakli natijalarga erisha olmayotgani bu mavsum raqobat qizg‘in bo‘lishidan dalolat.
Mazkur turning so‘nggi uchrashuvi Toshkentning ikki klubi «Bunyodkor» va «Lokomotiv» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda «Bunyodkor» 3:2 hisobida uzoq kutilgan g‘alabaga erishdi. Aniqrog‘i, «qaldirg‘ochlar» mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, Superliganing 8-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z nihoyasiga yetdi. «Andijon» ochko yo‘qotgan bo‘lsa, «Navbahor» va «Nasaf» g‘alaba evaziga bir xil ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib oldi.
Jumladan, 8-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, «Navbahor», «Nasaf» jamoalari bir xil – 15 ochko to‘plagan holda jadvalni boshqarmoqda. «OKMK» esa 14 ochko bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Andijon» 13 ochko jamg‘arib, 4-pog‘onada qoldi. Biroq «Navbahor», «Nasaf» eng yaqin ta’qibchilaridan bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda mazkur natijani qayd etayotir. Shuningdek, «Paxtakor» «Neftchi» va «So‘g‘diyona» klublari 11 ochko jamg‘arib, 5, 6 hamda 7-o‘rindan joy olgan.
«Qizilqum» 9, «Lokomotiv» va «Surxon» ham bir xil – 8 ochko jamg‘argan holda kuchli o‘nlikka joylashdi. «Olimpik» jamoasi 7 ochko bilan 11-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, quyi pog‘onalarda «Dinamo», «Bunyodkor» 6, «Metallurg» esa 4 ochko bilan joylashgan.
Ushbu turdan o‘rin olgan «Navbahor» — «Neftchi» (1:0) bahsini tomosha qilish uchun «Markaziy» stadioniga 22 ming 350 nafar muxlis tashrif buyurdi va 2024 yilgi mavsumda eng ko‘p tomoshabin kelgan o‘yin sifatida Superliganing rekordlar tarixiga kirdi. Shuningdek, bu turda «Andijon» — «Metallurg» o‘yinini ko‘rish uchun «Bobur Arena»ga 19 ming 95 nafar muxlis kelgan bo‘lsa, «Qizilqum» — «Olimpik» o‘yiniga bor yo‘g‘i 425 nafar muxlis stadionda jam bo‘ldi.

Hozirda Superliga bahslarida Toma Tabatadze — 7 ta gol urgan holda to‘purarlar jadvalini boshqarib borayotgan bo‘lsa, Lupshe Doriyev va Zoran Marushich 5 tadan gol bilan uni ta’qib etib turibdi.
«Andijon» jamoasi a’zosi Bektemir Abdumannonov o‘tgan 8 turda jami 4 marotaba assist qildi va hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha chempionatda unga teng keladigan futbolchi topilmayapti.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining 9-turi 24-27 may kunlari tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA