Superliga: "Bunyodkor" derbida tor-mor etildi, "Navbahor" safarda g‘alaba qozondi
Toshkent derbisi gollarga boy o'tdi.
O‘zbekiston Superligasining 19-turidan o‘rin olgan so'nggi uchrashuvlar yakunlandi. "Lokomotiv" Toshkent derbisida "Bunyodkor"ni yirik hisobda mag‘lub etgan bo‘lsa, "Navbahor" G‘uzordan uch ochko bilan qaytdi. "Qizilqum" esa amaldagi chempion "Nasaf"dan ustun keldi.
"Lokomotiv" Toshkent derbisida "Bunyodkor"ni tor-mor etdi
"Lokomotiv" o‘z maydonida "Bunyodkor"ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
"Temiryo‘lchilar" uchrashuvni faol boshladi va 6-daqiqadayoq Shodiyor Shodiboyevning goli evaziga hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim oxiriga kelib mezbonlar ustunligi yanada oshdi: 36-daqiqada Sardor Mirzayev, 43-daqiqada esa Jasurbek Yaxshiboyev raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
61-daqiqada "Bunyodkor" himoyachisi Sardor Rahmonov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Biroq 70-daqiqada Suhrob Nurulloyev "Lokomotiv"ning to‘rtinchi golini urib, uchrashuvga yakuniy nuqtani qo‘ydi — 4:1.
"Navbahor" G‘uzordan uch ochko bilan qaytdi
"Mash’al" o‘z maydonida "Navbahor"ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
G‘uzorda o‘tgan bahsning 20-daqiqasida Jasurbek Jaloliddinov mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda Timur Kapadze shogirdlari ustunlikni mustahkamladi. 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Shohruhbek Abdurahmonov ikkinchi golni kiritdi.
Shu tariqa, "Navbahor" safarda 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
"Qizilqum" "Nasaf"ni minimal hisobda yengdi
Turning yana bir uchrashuvida "Qizilqum" o‘z maydonida "Nasaf"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvdagi yagona gol birinchi bo‘lim yakunlanishiga yaqin urildi. 43-daqiqada Nodirxon Ne’matxonov qarshiliklar darvozasini ishg‘ol qilib, navoiyliklarni oldinga olib chiqdi.
Tanaffusdan keyin "Nasaf" murabbiylar shtabi o‘yinga bir qator yangi futbolchilarni qo‘shib, vaziyatni o‘zgartirishga urindi. Abbos G‘ulomov, Dilshod Murtazoyev, Adenis Shala, Yashnar Berdirahmonov va Sardorbek Bahromov maydonga tushirildi.
Shunga qaramay, qarshiliklar hisobni tenglashtira olmadi. "Qizilqum" minimal ustunligini yakunga qadar saqlab, 1:0 hisobidagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.