Superliga, 17-tur: Andijonda 19 ming muxlis, Olmaliqda esa atigi 87 tomoshabin
Har bir bahsga o‘rtacha 8 491 nafardan muxlis tashrif buyurgan.
O‘zbekiston Superligasi 17-turining sakkizta uchrashuvini stadionlardan jami 67 924 nafar tomoshabin kuzatdi. Har bir bahsga o‘rtacha 8 491 nafardan muxlis tashrif buyurgan.
Turning eng katta auditoriyasi «Bobur arena»da qayd etildi. «Andijon» va «Neftchi» o‘rtasidagi uchrashuvni bevosita stadionda 19 170 nafar ishqiboz tomosha qildi.
Bu borada ikkinchi natija Namanganga tegishli bo‘ldi. Markaziy stadionda kechgan «Navbahor» — «Bunyodkor» bahsiga 18 782 nafar muxlis keldi. Ushbu ikki uchrashuvning o‘zi turning umumiy tomoshabinlar sonining yarmidan ko‘pini ta’minladi.
«Buxoro» va OKMK o‘rtasidagi o‘yinni 7 440 nafar, «Dinamo» — «Xorazm» uchrashuvini esa 7 328 nafar tomoshabin kuzatdi. Qarshida o‘tgan «Nasaf» — «Paxtakor» bahsida 6 370 nafar muxlis tribunadan joy oldi.
Shuningdek, «Qizilqum» — «Mash’al» uchrashuviga 5 147 nafar, «Qo‘qon-1912» — «Lokomotiv» o‘yiniga 3 600 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Eng past ko‘rsatkich Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida kuzatildi. «Surxon» va «So‘g‘diyona» o‘rtasidagi bahsni stadiondan bor-yo‘g‘i 87 nafar muxlis tomosha qildi.
