Superkontrakt haqida muhim ma’lumotlar
Superkontraktda o‘qishni xohlaganlar qachongacha ariza berishi kerak? Uni bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi? 4 ballgacha yetmaganlar qancha to‘laydi? Superkontrakt uchun ta’lim krediti beriladimi? Superkontrakt bilan bir qatorda oddiy kontrakt ham qo‘shib to‘lanadimi? Maqolada shu kabi boshqa muhim savollarga javob topasiz.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarida superkontrakt asosida o‘qish niyatida bo‘lgan abituriyentlarga muayyan to‘lov summasi evaziga mazkur huquqdan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Superkontraktning 4 ballgacha shkalasi quyidagicha:
o‘tish baliga 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari (masalan, kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 1 ballgacha yetmaganlar 15 mln so‘m to‘laydi);
1,06 balldan 2,05 ballgacha — 2 barobari;
2,06 balldan 3,05 ballgacha — 2,5 barobari;
3,06 balldan 4,05 ballgacha — 3 barobari.
Bunda, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun to‘lov kontraktning minimal miqdorlarini hisoblashda:
— oliy ta’lim muassasalarida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan (stipendiyasiz) bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qitish qiymati qo‘llanadi;
— moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarida esa 2024/2025 o‘quv yili qabuli uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlari belgilagan (stipendiyasiz) to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan yuqoridagi barobarlar hisoblanadi.
Tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt qiymatini 2024 yil 15 oktyabrga qadar to‘liq to‘lagan abituriyentlarga 10 foizlik chegirma beriladi.
4 ballgacha yetmaganlar qancha to‘laydi?
ESLATMA: 4,05 ballgacha deb yozilganiga ko‘pchilik chalg‘imoqda va buni 4,5 ball deb o‘ylayapti, ammo bunday emas. 4,05 (to‘rtu yuzdan nol besh) ball bilan 4,5 (to‘rt yarim) ballning farqi katta. Kirish chizig‘iga 4,1 (to‘rtu bir) balldan ko‘p yetmagan abituriyentlar yuqoridagi 4 ballik shkalaga tushmaydi. 4,1 ball va undan ko‘proq yetmaganlarning barchasiga (56,7 balldan baland bo‘lsa) 8, 10, 12, 15, 17 va 25 baravar qo‘llanadi.
Superkontrakt bilan bir qatorda oddiy kontrakt ham qo‘shib to‘lanadimi?
Yo‘q. Birinchi yili faqat superkontrakt summasi to‘lanadi, oddiy (bazaviy) kontrakt qo‘shib to‘lanmaydi. Ikkinchi yildan boshlab esa faqat oddiy kontrakt to‘lanadi, superkontrakt to‘lanmaydi.
Superkontraktda o‘qishni xohlaganlar qachongacha ariza berishi kerak?
Arizani sentyabr oyida onlayn shaklda berish mumkin. Kim birinchi ariza bersa, o‘sha birinchi qabul qilinadi, degan qoida yo‘q. Talabgorlar to‘plangan ballga qarab tartibga solinadi, ya’ni avval yuqori ball to‘plaganlarga imkon beriladi.
Ariza berish uchun OTMga borish kerakmi?
Yo‘q. 3 yildan buyon superkontrakt uchun arizalar onlayn qabul qilinadi. Siz uyingizdan chiqmagan holda internet orqali ariza yuborasiz. Buning uchun OTMga kelish, kimnidir kabinetida navbat kutish, kimlargadir iltimos qilish shartmas.
Shu o‘rinda yana bir qiziq savol tug‘iladi: o‘qishga kirganlar boshqa yo‘nalishga superkontraktni tanlay oladimi? Masalan, birinchi va ikkinchi yo‘nalishga bali yetmadi, lekin uchinchi yo‘nalishga o‘qishga kirdi. Abituriyent uchinchi yo‘nalishda o‘qishni istamay, birinchi yoki ikkinchi yo‘nalishda superkontraktda o‘qiy oladimi?
O‘tgan yili abituriyent o‘zi tanlagan BIRINCHI yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, unda istisno tariqasida faqat BIRINCHI tanlagan yo‘nalishida superkontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi. Bu istisno 2, 3 yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni 3 ga kirgan bo‘lsa, 2-yo‘nalishda superkontraktda o‘qiy olmasdi, faqat BIRINCHIga ruxsat berilgandi. Joriy yilgi mazkur tartib o‘zgartirilsa, demak ruxsat bo‘ladi.
OTMga qabul qilinmaganlar istalgan beshta yo‘nalishda superkontrakt qiloladimi?
Ushbu masala ham hozircha noma’lum. O‘tgan yili beshala yo‘nalishiga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, superkontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi.
Superkontrakt uchun ta’lim krediti beriladimi?
Yo‘q, superkontrakt uchun ta’lim krediti berilmaydi. Ammo ayrim banklar tijoriy shartlarda oddiy kredit taklif qilishi mumkin. Ammo superkontraktga kirganlar 2-kursdan oddiy kontrakt to‘lashga o‘tadi, shu sababli bemalol 2-kursdan ta’lim krediti olishi mumkin.
Superkontraktni bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi? Ha, 4 ga bo‘lib to‘lash mumkin.
Huquqshunos I.Qahhorova