Sun’iy intellekt yordamida 671 ta qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat auditi va moliyaviy nazorati tizimi tubdan takomillashtirilmoqda, sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining so‘nggi 2 yil ichida bu borada qabul qilgan 3 ta muhim farmoni davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi.

Hisob palatasi 2025-yildagi faoliyati davomida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash, byudjet bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni aniqlashga e’tibor qaratdi. Bu jarayonda mablag‘larning ijtimoiy-iqtisodiy natijadorligiga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash hamda noqonuniy xarajatlarning oldini olish bo‘yicha natijalarga erishilgan.

Hisob palatasi masofaviy nazoratida sun’iy intellektdan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada alohida guruh tashkil etilgan bo‘lib, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi, affillanganlik holatlarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi. Natijada birgina sun’iy intellekt yordamida 83,3 milliard so‘mlik 671 ta qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari Hisob palatasi faoliyati yuzasidan bir qator takliflar va tavsiyalarni bildirdilar. Yakunda uning 2025-yilgi faoliyati yuzasidan hisoboti ma’qullandi.
M.Komilova, O‘zA