Sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi
Mamlakatimizda raqamli transformatsiyani jadallashtirish, davlat va xususiy sektorda raqamli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorliklar kengaymoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yevroosiyo Taraqqiyot Banki Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Tigran Sargsyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonni raqamli tashabbuslarni ilgari surishda muhim hamkor sifatida ko‘rib, turli davlatlarda amalga oshirilgan ilg‘or loyihalar tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan raqamli loyihalarni aniqlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha takliflar almashildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, transchegaraviy raqamli xizmatlarni joriy etish, ishonchli raqamli infratuzilmalarni shakllantirish va mavjud yechimlarni yanada rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, aqlli shahar yechimlari, jumladan, transport oqimlarini boshqarish tizimlari, raqamli xizmatlar platformasi, elektron tijorat va logistika yo‘nalishlari kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Axborot xavfsizligi, sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA