Sug‘urtaning barcha turlari elektron tarzda rasmiylashtiriladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Hasanov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda sug‘urta sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan 2021 yildan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish turini elektron shaklda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2022 yil 31 dekabrga qadar barcha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Barcha sug‘urta kompaniyalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi.
Ta’kidlanishicha, 2023 yil 1 martga qadar ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtiriladigan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma onlayn tarzda yuborilishini hamda ko‘rib chiqilishini amalga oshirish bo‘yicha yagona mobil ilova ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi.
Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi huzurida “Sall-markaz” xizmatini tashkil etish vazifalari ham belgilab berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA