Sudyalarning kiberjinoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha malakasi oshirilmoqda
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida Navoiy shahrida «Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar: aniqlashdan sud hukmiga qadar» mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi.
YeXHTning «Kiber va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy salohiyatni rivojlantirish» loyihasi doirasida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarining 20 nafar sudya va raislari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi zamonda kiberjinoyatchilik, shu jumladan ma’lumot yoki pul mablag‘larini o‘g‘irlash, akkauntlarni buzish, veb-saytlar va axborot tizimlariga hujum qilish kabi holatlarga har birimiz duch kelishimiz mumkin. Bunday jinoyatlar raqamli muhitda sodir etilishi tufayli ularni tergov qilish va huquqiy tasniflash ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu bois, sudyalarning bu turdagi jinoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha malakasini oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
O‘quv kursi doirasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning asosiy jihatlari, ularni tergov qilish va sudda ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari hamda raqamli dalillar bilan ishlash va raqamli kriminalistika asoslari atroflicha muhokama qilindi. Blokcheyn texnologiyalari, kriptoaktivlar va darknet tarmog‘ida sodir etiladigan jinoyatlarni tergov qilish bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, transchegaraviy kiberjinoyatlarni tergov qilishda xalqaro hamkorlik, inson huquqlarini ta’minlagan holda sud jarayonida raqamli dalillardan foydalanish va ularni baholash masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida bunday treninglarni Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus va Xiva shaharlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zA