Sudyalar uchun seminar-trening
Jizzax viloyatida Sudyalar oliy maktabi o‘qituvchi va mas’ul xodimlari hamda viloyatdagi sudyalar va sud xodimlari uchun “O‘zbekiston Respublikasi sudyalari odob-axloq kodeksini amalda qo‘llash va fuqarolarning ishonchini oshirish hamda mustahkamlash” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi va AQSHning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligining O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir avvalida sud etikasining dolzarb masalalari, xorijiy davlatlarning sud etikasi bo‘yicha qonunchiligi va amaliyoti, Sudyalar odob-axloq qoidalariga oid ishlab chiqilgan o‘quv qo‘llanma bilan tanishtirildi.
[gallery-4499]
Shundan so‘ng “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirishda, kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloq talablariga rioya qilishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Odil sudlov va sudyalar odob-axloqi sohasidagi xalqaro standartlar, “Sudyalarning odob-axloqiga oid Bangalor prinsiplari”, sudyalarning mustaqilligi va xolisligi prinsipi, sudyalar va sud xodimlari fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalada bo‘lishlari kerakligi aytildi. Shu bilan birga sudlar tomonidan chiqariladigan har bir qaror beg‘araz bo‘lishi, sudyalarning halol va pok bo‘lishlari lozimligi haqida ma’lumotlar amaliyotdan misollar keltirilgan holda tushuntirib o‘tildi.
Bundan tashqari ishtirokchilar tomonidan sud tizimidagi islohotlar, sudyalarning mustaqilligini ta’minlashdagi kafolatlar, sudyalar fuqarolarni rozi qilish hamda sud ishlarini adolatli ko‘rib chiqishni yanada takomillashtirish choralari, amaliyotdagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish usullari yuzasidan qator takliflarni bildirib o‘tishdi.
Tadbir davomida sudyalar faoliyati davomida boshqaruv mahorati, ishchanlik muloqoti va vujudga keladigan stress va stressni keltirib chiqaruvchi holatlarni boshqarish, ish jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish va oqilona xulosalar chiqarish salohiyatini oshirib borishga oid kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA