Sudyalar uchun psixologik treninglar
Navoiy viloyati sudi hamda Odil sudlov akademiyasi hamkorligida sudyalarning psixologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan mahorat darsi va seminar-trening tashkil etildi.
“Sudyalarning psixologik barqarorligini ta’minlash” mavzusidagi tadbirda sudyalarning murakkab va stressga boy ish jarayonida his-tuyg‘ularni boshqarishi, vazminlikni saqlashi hamda qaror qabul qilishda xolislikni ta’minlashi masalalariga e’tibor qaratildi.
Seminar davomida soha mutaxassislari va psixologlar tomonidan emotsional toliqishning oldini olish, stressni yengish, nizoli vaziyatlarda to‘g‘ri muloqot qilish, diqqatni jamlash va murakkab holatlarda xotirjamlikni saqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Trening doirasida ishtirokchilar turli amaliy mashg‘ulotlar orqali kasbiy faoliyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ruhiy bosimlarni boshqarish usullari bilan tanishdilar.
Qayd etilganidek, bunday amaliy tadbirlar sudyalarning kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirish, ish jarayonida barqarorlik va xolislikni ta’minlash, shuningdek, odil sudlov sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri