Sudyalar talabalar bilan uchrashdi
Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi, islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati darajasiga bog‘liq.
Fuqarolar o‘z huquq va burchlari, mas’uliyatini puxta bilishi, buni hayotiy ehtiyoj sifatida anglamog‘i lozim. Shu bois bu boradagi ishlar, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash sud-huquq tizimi mas’ullarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan "Fuqarolar nizolari va erta turmushga chiqish masalalari" mavzusidagi tadbir yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni qiynab kelayotgan masalalarga bag‘ishlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudi sudyalari ishtirokida o‘tgan tadbirda yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar, talabalar qatnashdi. O‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda aholida qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish muhim bo‘lib turibdi. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi va ayrim davlat organlarining ishi emas, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ko‘zlangan natijaga eltadi.
Bu tadbir yoshlarning huquqiy savodxonlik darajasi, qonunlarga bo‘lgan hurmati, huquqiy normalarni ijro etishi, hayotga tatbiq eta olish ko‘nikmasi, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik, huquqiy faollik hamda tashabbuskorligini oshirishga xizmat qiladi. Zero, jamiyat a’zolari, ayniqsa yoshlarning yuksak huquqiy ongi va madaniyati jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydi.

– Yosh avlod ongida nima yaxshi, nima yomon, nima mumkin, nima mumkin emas, huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini odob-axloq normalari asosida tushuntirib borish zaruratdir, – deydi sudya Shoira Ermetova. – Faqatgina erkin, o‘z huquq va majburiyatlarini biladigan, qonun va amaldagi tartib-qoidalarni hurmat qiladigan fuqaro o‘z huquqlaridan to‘laligicha foydalana oladi, uning jamiyatga foydasi tegadi.
Tadbir davomida talabalar ta’lim jarayonlari, kontrakt to‘lash, ishga tiklash, erta nikoh, ijara shartnomasi kabi masalalarda mutaxassislardan maslahat oldi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish mas’uliyatli, juda muhim vazifa. Shu bilan birga davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovidir”.
B.Meliqulova, O‘zA