Sudyalar psixologik test sinovlaridan o‘tkazildi
Jizzax viloyati sudlari sudyalari uchun psixologik test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, ularni sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida olib borilayotgan ishlar Jizzax viloyatida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sudyalar faoliyatini baholash mezonlarini takomillashtirish belgilab qo‘yilgan.
O‘tgan 2021 yilning 1 fevralidan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, tizim faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini internet tarmoqlari orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-6325]
Shuningdek, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur joriy qilindi.
Bundan tashqari, sudyalar faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlar amaliyotga tatbiq etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Psixologlar uyushmasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan joriy etilgan maxsus elektron dasturdagi 200 ta psixologik va mantiqiy test savollariga sudyalarning javob berishi uchun 2 soat vaqt ajratildi. Ana shu belgilangan vaqt davomida sudyalar barcha test savollariga javob berdi va natijalar o‘sha vaqtning o‘zida aniq bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha sudyalar uchun shu kabi psixologik test sinovlari bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA