Sudyalar oliy kengashida ochiqlik qanday ta’minlangan?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi majlisida “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha Sudyalar oliy kengashining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, ushbu indeks bo‘yicha 2025-yilda 97 davlat organi va tashkilot faoliyati baholangan bo‘lib, umumiy natijalarga ko‘ra 66 tashkilot “yashil” (2024-yilda 50 ta), 22 tasi “sariq” (35 ta) va 9 tasi “qizil” (13 ta) toifa deb topilgan.
2022-yilga nisbatan “yashil” toifadagi idoralar soni 3,5 barobarga oshgani mamlakatimizda ochiqlikni ta’minlash sohasidagi izchil islohotlarning samarasini yaqqol ko‘rsatadi.

Sudyalar oliy kengashi 2025-yilda 48,75 ball to‘plab, "qizil" toifaga kirib qolgani uchun kengashning ochiqlikni ta’minlashga oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga rioya etishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Muhokama davomida Sudyalar oliy kengashi faoliyatida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga ochiqlikni ta’minlash sohasida o‘z yechimini kutayotgan bir qator muammo va kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi.
Senatorlar Sudyalar oliy kengashiga kelgusi faoliyatini yaxshilash maqsadida o‘z tavsiyalarini berdi. Majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA