Sudyalar korpusi eng munosib, malakali sudyalar bilan to‘ldirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2026-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov kengash faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikka alohida e’tibor qaratayotganini qayd etli.
Sudyalar oliy kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri – sudyalar korpusini eng munosib, malakali sudyalardan iborat tarkibda shakllantirishdan iborat.
Bu borada kengash tomonidan oshkoralik prinsipi asosida o‘tkazilgan sudyalik lavozimlariga tanlovlar jarayonida 471 nafar sudya lavozimga tayinlandi.
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra 79 (4,6 foiz) vakant lavozim mavjud. Bundan tashqari, kengash o‘zining vakolatlari doirasida sud hokimiyati mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash hamda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bilan bog‘liq bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Matbuot anjumanida Cudyalar oliy kengashining sudyasi X.Sodiq kengashning 2026-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot berdi.
Ta’kidlandiki, kengash tomonidan odil sudlovga erishish darajasi hamda uni amalga oshirish sifatini yanada yaxshilash sohasiga doir qonunchilikni takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilgan.
[gallery-30498]
Kengash sud tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifatini yanada oshirish maqsadida uzoq yillar sudyalik lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatgan faxriylarning hayot yo‘lini ibrat maktabi tariqasida taqdim etish ishlariga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, 2026-yilning yanvar oyida o‘zining chuqur bilimi, odob-axloqi va ma’naviy fazilatlari bilan kasbdoshlariga namuna bo‘layotgan, 14 nafar sudya “Ibratli sudya” mukofoti bilan, 10 nafar sudyaning ota-onasi tashakkurnoma bilan taqdirlangan.
Shu bilan birgalikda jamiyatda adolat o‘rnatilishida alohida o‘rnak bo‘layotgan 41 nafar sudyaning ota-onasiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirilgan.
Matbuot anjumani ishtirokchilarining kengash faoliyati bilan bog‘liq, jumladan sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qanday mezonlar asosida tanlab olinishi, sudyalarni boshqa hududlarga o‘tkazish tartibi va uning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida ko‘plab savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA