Sudlarda soliqqa oid nizolar qanday tartibda ko‘riladi?
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 fevraldagi “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat sudlari va fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyalari, prokuratura hamda soliq idoralari xodimlari ishtirok etgan tadbirda sudlar tomonidan soliq nizolarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalasi haqida atroflicha fikr almashildi.

Seminarda Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Oliy sud sudyasi Dilmurod Karimov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli jamiyat barpo etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Yangi Plenum qarorining o‘ziga xos muhim jihatlari haqida fikr almashildi. Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ishlarni ma’muriy hamda iqtisodiy sudlarda ko‘rish tartiblari haqida tushuntirish berilib, plenum qarorini amaliyotda eng zarur, deb hisoblangan masalalarda qo‘llash yuzasidan takliflar o‘rin olgani qayd etildi.

Seminarda, shuningdek, soliq organlari tomonidan soliq tekshiruvlari natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilish holatlari, soliq hisoblash, moliyaviy jarima va imtiyozlarni qo‘llash hamda soliq organlarining qarorlari asosida soliqlarni undirishdagi xatoliklarga oid muhim masalalar muhokama etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Asqar Qudratov,
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik
va ommaviy axborot vositalari bilan
aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti.
O‘zA