Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnolgiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart- sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari belgilandi. Ular:
a) sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida "Raqamli sud" konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
b) fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish;
v) sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
g) Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
d) sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha "Kiber huquq" yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;
j) iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orkqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
z) "Raqamli sud" konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat.
Farmonga ko‘ra, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan "Raqamli sud" konsepsiyasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
2025 yil yakuniga qadar tajriba tariqasida Toshkent shahrida "Raqamli sud" konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etiladi.
2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab "my.sud.uz" interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish moduli joriy etiladi, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi huquqiy murojaatlarga javob berib boradi.
2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlari fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi.
O‘zA