Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi mexanizmlari joriy etiladi
Munosabat
Mamlakatimizda aholining sud himoyasida bo‘lish kafolatlarini yanada kuchaytirish, sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimi joriy etilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 9-iyun kuni “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi фармон imzolandi.
Mazkur hujjat sud tizimida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan “favqulodda holat” doirasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, soha faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Farmon bilan sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, Oliy sud tizimida Komplayens nazorat xizmati tashkil etilib, u sud apparati faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, xodimlar tomonidan qonunchilik va kasb etikasi talablariga rioya etilishini nazorat qilish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etiladi. Bu esa korrupsiyaning oldini olish tizimini hududlarda ham samarali tashkil etish imkonini beradi.
Ma’lumki, har qanday soha rivoji yetuk mutaxassislar ishtiroki bilan ta’minlanadi. Shu jihatdan farmonda kadrlar siyosatiga ham alohida e’tibor qaratilgan, ya’ni sud apparatiga ishga qabul qilish jarayonlari ochiq tanlov asosida tashkil etilishi nazarda tutilgan. Nomzodlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, halolligi va jamoada ishlash qobiliyati zamonaviy baholash usullari orqali aniqlanadi.
Buning uchun 2026-yil yakuniga qadar vakant lavozimlarni e’lon qilish va nomzodlarni saralashga mo‘ljallangan “vacancy.sud.uz” portali hamda inson resurslarini boshqarishga ixtisoslashtirilgan “SudHR” elektron platformasi ishga tushiriladi. Ularda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ham foydalanish nazarda tutilgan.
Hujjat bilan sud apparati xodimlari va sudyalar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan elektron deklaratsiya tizimlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Mazkur tizimlar orqali daromadlar, mol-mulk va boshqa muhim ma’lumotlarni taqdim etish hamda tahlil qilish jarayonlari avtomatlashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirishga farmonda ustuvor ahamiyat berilgani sudyalar va sud apparati xodimlarining bu illatga qarshi barqarorlik darajasini baholash, ular uchun “real keyslar” asosida o‘quv modullarini tashkil etish hamda har uch yilda malaka oshirish kurslaridan o‘tish sharoitini nazarda tutadi.
Shu o‘rinda sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturini takomillashtirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu – sohadagi ishlarni taqsimlash jarayonining yanada shaffof bo‘lishini ta’minlab, inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini yanada mustahkamlaydi, kadrlar siyosatida adolat va meritokratiya tamoyillarini keng qaror toptirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchi va sud himoyasi kafolatlarini yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Husanboy OMONOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Marg‘ilon shahar sudining sudya yordamchisi.
O‘zA