“Sud tizimi Oʻzbekistonda qanday ishlayapti?”
“Tahlillar bugungi kunda yurtimizda ming dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 barobar koʻp energiya sarflanayotganini koʻrsatyapti.
“Tahlillar bugungi kunda yurtimizda ming dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 barobar koʻp energiya sarflanayotganini koʻrsatyapti. Neft mahsulotlariga yillik talabning 44 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Holbuki, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligi choralarini kuchaytirish hisobidan ikki yilning oʻzida 3,3 mlrd. kVt.s elektr energiyasi va 2,6 mlrd. kubometr tabiiy gaz, 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejash imkoniyati mavjud...”
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Samaradorlik va tejamkorlik — taraqqiyotning qoʻsh qanoti” sarlavhali maqolada ana shunday mulohazalarni oʻqishingiz mumkin. Xususan, muallif — Rauf Nurullayevning yozishicha, bundan toʻrt-besh yil oldin quyosh, shamol, biogaz, kichik gidroelektrstansiyalar kabi qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish tugul loyihalashning oʻzi olisdagi orzu boʻlib tuyulardi. Mana, endilikda, shunday stansiyalardan oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyani kafolatlangan tarzda sotib olish boʻyicha tariflar haqida soʻz bormoqda...
“Xalq soʻzi” gazetasida “Ijtimoiy muammolardan xoli jamiyatda maʼnaviy va jismoniy immunitet mustahkam boʻladi” sarlavhasi ostida turkum maqolalar chop etilgan. Unda bugungi pandemiya sharoitida mamlakatimizda aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingan. Ularning ahamiyati haqida yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari berilgan. Materialda qayd etilganidek, bugun butun dunyo iqtisodiyotida oʻzgarish kuzatilmoqda — aksariyat ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini toʻxtatgan, xizmat koʻrsatish sohasi xizmatlariga talab esa yoʻq. Odamlar ishsiz, demak, daromadsiz qolmoqda. Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Bu savolga shu yilning 8-iyul kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aniq va loʻnda javob berildi: kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish bugungi pandemiyadan kuchli boʻlib chiqishning birdan-bir yoʻlidir.
“Dalillarni qiynoq usullarini qoʻllagan holda toʻplash holatlari boʻlgani hech kimga sir emas. Ammo bu masalani ochiq-oydin aytish bilan cheklanmay, bunga barham berish talabi shaxsan davlat rahbari tomonidan qoʻyilayotgani uchun ham bu borada ijobiy oʻzgarishlar sari qadamlar qoʻyildi. Qiynoqlar qoʻllanilib olingan dalillarni maqbul hisoblamaslik haqida qonunchilikka oʻzgartish ham kiritildi” — deyiladi “Inson va qonun” gazetasida berilgan “Sud tizimi Oʻzbekistonda qanday ishlayapti?” nomli davra suhbatida. — Materialda aytilishicha, bunday holatlar haqida ilgari ommaga maʼlum qilinmagani uchun ham bu mavzuda bahs-munozaralar boʻlmasdi. Hozir esa jamiyatdagi ochiqlik tufayli shunday hol roʻy bersa, bu jamoatchilikka maʼlum boʻlmoqda va tabiiyki, bu aholi tomonidan qoralanmoqda. Biroq avvallari tergov jarayonlari uzoq choʻzilgani uchun bunday shikoyatlarni isbotlash imkonsiz edi. Masalan, tan jarohati yetkazilib, gumondorning boʻyniga ayb qoʻyilgan boʻlsa, 5-6 oydan keyin bu ish sudga kelib tushgan boʻlsa, oʻsha tan jarohatlari izlari yoʻqolib ketgan boʻlardi”.
Koronavirus pandemiyasi taʼsiridan odamlarni asrash va tezroq bu kasallikni bartaraf etish uchun Surxondaryo viloyatida ham barcha kuch va vositalar safarbar etilmoqda. “Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasida eʼlon qilingan “Vohada karantin zonasi tayyor holga keltirildi” sarlavhali materialda shu haqda soʻz yuritilgan. Xususan, gazeta muxbirining xabar berishicha, Termiz tumanining Qoraxon mahallasida 1000 kishini qabul qilishga moʻljallangan karantin zonasi hamda 100 oʻrinli maxsus shifoxona qurilishi jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Hozir maxsus jihozlangan konteynerlardan iborat karantin zonasi foydalanishga tayyor holga keltirildi. Yakunlanish arafasida turgan shifoxona esa yengil konstruksiyalar asosida barpo etilmoqda. Umumiy maydoni 15 gektarni tashkil qiladigan ushbu kompleksda shifokorlarga alohida xona, jarrohlik, jonlantirish boʻlimlari, muolaja xonalari, tibbiyot boʻlimlaridan tashqari, karantin hududiga keltiriladiganlardan shu yerning oʻzida tahlil olish uchun laboratoriya, dorixona, oshxona, kir yuvish boʻlimi, utilizatsiya boʻyicha alohida joy ham qurilmoqda.
* * *
Yangi rukn va maqola haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.