Sud sohasi fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiriga viloyat sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari, sud faxriylari va sudyalar taklif qilindi.
Viloyat sudi raisi Alisher Usmonov ta’kidlab o‘tganidek, so‘nggi yillarda sud-huquq sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, bunda ayniqsa, sudlarning jamiyatda tutgan o‘rnini mustahkamlash, odil sudlov faoliyatini amalga oshirishda sudya va sud xodimlari uchun munosib sharoitlarni yaratib berishga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Sud tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mazkur islohotlar odil sudlov samaradorligida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda viloyatda odil sudlov faoliyatini amalga oshirish, fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda sudlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan bir qator huquq-tartibot idoralari xodimlari, sudyalar va tizim fidoyilari Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining buyrug‘i bilan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Oliy sud raisi tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Prezidentimizning tegishli farmoniga binoan odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilgan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etilgan. Mustaqillik shodiyonalari arafasida uzoq yillar sudyalik lavozimida samarali faoliyat olib borgan soha fidoyilari Sudyalar oliy kengashining “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Namangan viloyatidan bunday sharafga viloyat ma’muriy sudining raisi Zarifaxon Qurbonova munosib ko‘rildi. Tantanali tadbirda ko‘krak nishoni o‘z egasiga topshirilib, ustozga ehtirom ko‘rsatildi.
Shuningdek, eng ulug‘, eng aziz ayyomimizning 32 yilligi sharafiga Namangan viloyati sudining sudyasi Bumayram Bobomirzayeva, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudining raisi Sohiba Yo‘lchiyeva, viloyat ma’muriy sudining sudyasi Umida Nishonova O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining faxriy yorlig‘i, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudining raisi Bahodir Abdullayev Sudyalar oliy kengashining esdalik soati bilan mukofotlandi.

Tadbirda mukofotlanganlar munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shu bilan birga, odil sudlov faoliyatini amalga oshirishda sudlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan bir qator huquq-tartibot idoralari xodimlariga viloyat sudining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari berildi.
Tadbirda ko‘p yillar sud-huquq sohasida samarali faoliyat yuritib, o‘nlab shogirdlar tarbiyalagan sud faxriysi Nargiza Xalilovani nafaqaga kuzatish marosimi ham o‘tkazildi. So‘zga chiqqanlar ustozni yaxshi rahbar, sud tizimi fidoyisi sifatida tilga olishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA