Sud sobiq “GAI xodimi”ni oqladi
Jomboylik Botir Hamidov 2002 yil avgust oyidan ichki ishlar tizimida ishlab, 2006 yil iyul oyidan Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 1-otryad yo‘l-patrul xizmati inspektori lavozimida ishlagan.
Jomboylik Botir Hamidov 2002 yil avgust oyidan ichki ishlar tizimida ishlab, 2006 yil iyul oyidan Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 1-otryad yo‘l-patrul xizmati inspektori lavozimida ishlagan.
U 2010 yil noyabr oyi o‘rtalarida hamkasbi bilan birga xizmat olib borish jarayonida qoidabuzar haydovchidan 60 ming so‘m pora olganligi uchun 2011 yil 4 mart kuni qamoqqa olinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining 2011 yil 22 iyundagi hukmi bilan 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2011 yil 29 iyuldagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2017 yil 7 dekabrdagi ajrimiga asosan, viloyat sudining 2011 yil 22 iyundagi hukmi va Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2011 yil 29 iyuldagi ajrimi o‘zgartirilib, B.Hamidovning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandidan shu moddaning 2-qismi “v, g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilinib, Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining “a” kichik bandiga asosan B.Hamidovga tayinlangan jazo uchdan bir qismiga qisqartirilgan.
Botir Hamidov hozirda boshqa sohada mehnat qilmoqda. Ammo o‘ziga nisbatan bo‘lgan adolatsizlik tufayli sud va boshqa idoralarga murojaat qilib, haqiqatning qaror topishi uchun yordam so‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2019 yil 31 oktyabrdagi qaroriga asosan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2011 yil 29 iyuldagi ajrimi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2017 yil 7 dekabrdagi ajrimi bekor qilinib, yangitdan ko‘rish uchun yuborildi.
Mazkur ish joriy yilning 7 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi B.Hamidov keltirilgan apellyatsiya shikoyatida, dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi ishni bir tomonlama olib borganligi, harakatlarida pora olish jinoyat tarkibi yo‘qligi, ish hujjatlarida uning aybni tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligi sababli, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
O‘z navbatida sudlov hay’ati ham mazkur ish bilan bog‘liq barcha holatlarni batafsil ko‘rib chiqdi. Natijada ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilmaganligi aniqlandi.
Xususan, B.Hamidov 2010 yil noyabr oyida yuz bergan holat uchun fuqaroning ko‘rsatmasi bilan 2011 yil 4 mart kuni qamoqqa olingan.
“Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash haqida”gi qo‘shma ko‘rsatmaning 8.1 bandida “...Shuni nazarda tutish lozimki, o‘ziga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxsning arizasi har bir holatda O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22, 95-moddalariga asosan sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirilishi, arizachining ko‘rsatmalaridan tashqari boshqa ob’ektiv dalillar aniqlanmaganida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, shaxs qamoqqa olinishiga, jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmasin” deb belgilab qo‘yilgan. Shu ko‘rsatmaning 8.2 bandida esa “...Shaxsga ayb e’lon qilishga faqat ob’ektiv dalillar majmuigina asos bo‘lishi mumkinligi, bunda, dalillar doirasini pora beruvchi va u bilan bog‘liq shaxslarning ko‘rsatmalari hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan chegaralab qo‘ymasdan, shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon va boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirish shart (jinoyat ustida ushlash holatlari bundan mustasno)”ligi qayd etilgan.
Shu va boshqa omilar sababli ayblov faqatgina taxminlarga va ko‘rsatuvlarga asoslangan deb hisoblandi.
Sudlov hay’ati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 2011 yil 22 iyundagi hukmining Botir Hamidovga oid qismini bekor qilib, uni aybsiz deb topdi va oqladi.
O‘.MAMADALIEV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari