Sud raislari murojaatchilar huzuriga bordi
Bugun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas’ullari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlarining joylarda sayyor qabullar o‘tkazishi an’anaga aylandi.
Faqat qabul kunimda, kabinetimda fuqarolarni qabul qilaman, degan qarash bugun eskirdi. Lavozim mas’uliyatini his qilgan va davlat siyosatini anglagan rahbar endilikda o‘zi odamlar huzuriga boryapti, yuzaga kelayotgan muammo va savollarga joyida yechim topishga intilmoqda.

Samarqand viloyati sud va ma’suriy sud raislari ham ayni paytda har oyda kamida bitta tumanda bo‘lib, fuqarolarni o‘sha yerda qabul qilmoqda. Ularga sud tizimidagi yangilik va o‘zgarishlarni tushuntirib, fuqarolar duch kelayotgan muammoli masalalar yuzasidan huquqiy maslahat beryapti. Hatto, o‘sha yerning o‘zida sayyor sud majlislari o‘tkazilmoqda.
Raislarning bu galgi sayyor qabuli viloyatning eng olis hududlari – Paxtachi va Narpay tumanlarida o‘tkazildi. Dastlab viloyat sudi raisi Olim Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev qonunchilikdagi yangiliklar haqida tushuncha berdi. So‘ngra jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi. Aliment, nikoh, uy-joy, fermerlik faoliyati bilan bog‘liq masalalarning har biriga alohida e’tibor qaratildi, ijobiy yechim topishiga harakat qilindi.

– Sud-huquq sohasi bo‘yicha hamma murojaatlar ham joyida hal bo‘lmaydi, – deydi O.Hayitov. – Chunki, har bir murojaat tegishli tartibda, shuningdek ayrimlari sud tartibida o‘rganilishi kerak. Bu esa vaqt talab qiladi. Shuning uchun qabulga kelgan har bir kishining masalasi shu yerda hal etilmasa-da nazoratga olinadi va belgilangan muddat ichida ko‘rib chiqilib, murojaatchiga ma’lum qilinadi. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi.
Qabullardan so‘ng sayyor sud majlislari o‘tkazilib, jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 14 nafar fuqaro, viloyat sudi raisiga murojaati asosida, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilindi.

G‘.HASANOV, O‘zA