Sud jarayonlarida advokatning roli kengaytiriladi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi sud-huquq tizimida tomonlarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipini yanada kuchaytirish, advokatlarning protsessual imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Mazkur loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, himoyachiga dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin besh sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqi berilishi belgilanmoqda. Himoya fikrida ayblovga munosabat, dalillar, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, sudga chaqirilishi so‘ralayotgan shaxslar va boshqa fikrlar aks ettirilishi mumkin.
Ta’kidlanganidek, ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud muhokamalarida tenglikni ta’minlash, sudyaning ish bo‘yicha har ikki tomon fikri bilan oldindan tanishishiga imkoniyat yaratish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, sud jarayonlarida tortishuv prinsipi mustahkamlanadi, advokatning roli va ta’siri ortadi.
***
Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy qilinadi
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xususan, chet el fuqarolarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishini rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatimizda dual ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan choralar ham ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihada ko‘zda tutilgan soliq ma’murchiligini soddalashtirish, xususan, chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimining joriy qilinishi ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida olgan daromadlarini soliqdan ozod qilish imkonini beradi. Bu esa mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihada sanoat korxonalarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda ikki baravar kamaytirilib, amaldagi 12 foizdan 6 foizga tushirilishi milliy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni dual ta’lim orqali tayyorlashni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
***
Shuningdek, majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi, «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida»gi, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat sirlarini saqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2026-yil 5-fevral) ratifikatsiya qilish haqida»gi, «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA