Sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi munosabatlar tartibga solindi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 11-iyun kuni “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunning maqsadi – sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, davlat va nodavlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga ega, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan hamda sud ekspertizasini o‘tkazish huquqini beruvchi guvohnoma (sertifikat)ga ega O‘zbekiston fuqarosi egallashi mumkin.
Sud ekspertlarining davlat reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Sud-ekspertlik faoliyatining tashkiliy shakllari quyidagilar:
davlat sud-ekspertiza muassasasi; nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti; sud-ekspertlik byurosi; o‘z faoliyatining yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari; sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs.
O‘zbekiston sud ekspertlari palatasi sud ekspertlarining a’zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir.
N.Abduraimova,
O‘zA