Sud bolalarni onasiga qaytardi
Barchamizga maʼlumki, oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblanadi.
Barchamizga maʼlumki, oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblanadi. Oilada tinchlik-xotirjamlik, farzandlar totuvligi boʻlsa, jamiyat ham oʻz-oʻzidan farovon boʻladi.
Lekin afsuski, soʻngi vaqtlarda boʻlayotgan oilaviy ajralishlar farzandlar taqdiri hamda ularning kelgusida ota yoki ona bilan qolishlari, taʼminoti kabi ogʻriqli savollarni kun tartibiga chiqarib qoʻyayotganligi hech kimga sir emas.
Nurotalik Razzoqovlar oilasi ham oʻn bir yil muqaddam yaxshi orzu-umidlar bilan oila qurishgan. Oʻtgan vaqt oraligʻida oilada 3 nafar farzand dunyoga kelgan.
Shunday ulugʻ neʼmatga shukrona keltirish, farzandlarini har jihatdan komil insonlar etib tarbiyalash ota-onaning asosiy burchi edi. Biroq, er-xotinning kelishmovchiliklari sabab oila parokanda boʻldi. Farzandlar esa sarson-sargardon, aro yoʻlda qoldi. Ularning tarbiyasi, salomatligiga qaygʻuradigan kimsa qolmadi.
Shunday vaziyatda ona sudga murojaat qildi. Fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi voyaga yetmagan farzandlar: 2010-yilda tugʻilgan Z.Razzoqova, 2013-yilda tugʻilgan G.Razzoqova hamda 2015-yilda tugʻilgan O.Razzoqovlarni onaning tarbiyasiga olib berish haqida qaror qabul qildi.
Nihoyat 3 nafar voyaga yetmagan bola Z.Roziqova tarbiyasiga olib berildi.
Biroq endi oilada, ayniqsa, farzand tarbiyasida otaning oʻrnini kim bosadi?! Ming afsuski, uch farzand dunyoga kelguncha bir-birini tushuna olmay, oilaga koʻnika olmayotgan bu kabi oilalar hayotda uchrayotgani achinarlidir. Nadomatli jihati shundaki, oʻrtada begunoh farzandlar sarson.
Majburiy ijro byurosining
Nurota tumani boʻlimi