Sud binosi foydalanishga topshirildi
Ko‘kdala tumani markazida Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tuman sudi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda keng jamoatchilik vakillari, sud faxriylari va turli soha mas’ullari ishtirok etishdi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov tadbirni ochdi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Qodirov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov va boshqalar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida xalqimizning turmush tarzi, farovonligi kundan kunga o‘zgarib borayotganligi hamda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida xalqimizning ko‘p yillik orzu-umidlari ro‘yobga chiqayotganligini, shuningdek, sudga murojaat qiluvchi fuqarolar va sud tizimida faoliyat yurituvchi sudya va xodimlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.
Sud binosi qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-14851]
Shundan so‘ng tashrif buyurgan mehmonlar sud binosida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi hamda sud binosi oldidagi maydonga esdalik uchun daraxt ko‘chatlari ekishdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri