Subsidiyaga ajratilgan pullar nega to‘liq ishlatilmayapti? (+video)
Har bir inson uchun uy-joy Vatan ichra kichik vatandir. Zero, uyi borning tashvishi yo‘q, uning boshpanasi bor. Uy-joyli bo‘lish, xonadon sotib olish, inson hayotidagi eng muhim jarayon. Har bir oilaning eng katta maqsadlaridan biri. Yurtdoshlarimizning shu maqsadiga erishishi uchun davlat tomonidan e’tibor ko‘rsatilayotgani, unga imkoniyat va imtiyozlar berilayotgani, xalq manfaatlarini o‘ylab qilingan islohotlardan biri.
Bu masalaga davlatimiz rahbari shaxsan e’tibor qaratayotgani, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlanayotgani bejiz emas. Uy-joy olishda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlardan biri ipoteka krediti asosida berilayotgan subsidiyadir.
Aholiga berilayotgan subsidiya yildan-yilga takomillashtirilmoqda. Bu yo‘nalishda joriy etilayotgan yangiliklar haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Muhammad Bobur Tohirov bilan suhbatlashdik.
–Uy-joyga talab keskin oshayotgan bir paytda nega subsidiya mablag‘lari to‘liq o‘zlashtirilmayapti?
– O‘tgan yilda jami 300 mingga yaqin fuqaro subsidiya olish uchun ariza topshirgan. Sodda qilib aytganda, 2023 yil davomida fuqarolarga jami 1,6 trillion so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lsa, ulardan 30 mingtasiga subsidiya xabarnomalari berilgan. 17,5 mingdan ortiq fuqaro bu imtiyozdan foydalana oldi.
2024 yilda aholining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib summalar o‘zgardi. Uy-joylarni topish imkoniyatlari kengaydi. O‘tgan yilda 80 mingta uy-joy belgilangan bo‘lsa, joriy yilda 100 mingga yaqin uy-joylar qurilishi belgilangan. Joriy yilda 25 mingga yaqin xonadon o‘z egalariga topshirildi.
Savolingizga keladigan bo‘lsak, ba’zi fuqarolar bu imtiyozdan foydalangisi kelmagandir, qaysi birigadir uy-joyning qiymati to‘g‘ri kelmagan holat bo‘ladi. Ba’zi fuqarolar subsidiya xabarnomasini olganidan keyin ish joyi o‘zgarib qolib, bankka borib olish salohiyati tushib ketgan bo‘lishi mumkin. Buning bir necha omillari bor. Subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirishda har haftalik, har oylik ishchi guruh tuzilgan. Mahallama-mahalla joylarga chiqib gaplashishgan. O‘tgan yili o‘z vaqtida subsidiya xabarnomasidan foydalanolmagani sababli 10 mingga yaqin fuqaro joriy yilga o‘tib ketdi. O‘tgan yili O‘zbekistonda 84 mingdan ortiq xonadon foydalanishga topshirildi. Ushbu xonadonlardan 18 mingga yaqini subsidiya xabarnomasini olgan fuqarolarga sotildi.
– Bilamizki, subsidiyaning amal qilish muddati bor. 2024 yilda mas’ul ijrochilar aybi bilan imtiyozdan foydalana olmagan mijozlar subsidiyasining amal qilish muddati cho‘zib berilganmi?
– O‘tgan yilda subsidiya xabarnomasini olgan fuqarolar qurilish tashkilotlari bilan shartnoma qilgan, ammo belgilangan vaqtda uylar foydalanishga topshirilmagani sababli shartnoma bekor bo‘lgan. Bu bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi bilan ulushdoshlik to‘g‘risidagi shartnomani ko‘rib chiqyapmiz. Yil yakuniga qadar shunga oid normativ hujjat ishlab chiqilmoqda. Bu hujjatga asosan, fuqaro quruvchi bilan shartnoma tuzganidan keyin quruvchi o‘sha muddatda uy-joyni bitirib berish uchun kafillik hujjatlarini rasmiylashtiradi.
Endilikda quruvchi o‘z vaqtida uy-joylarni foydalanishga topshirish uchun unga kafil tashkilotlar yo‘naltiriladi.
– Subsidiyaga foizlar belgilanganda fuqarolarning to‘lov qobiliyati nega hisobga olinmagan?
– Toshkent shahrida 1 kvadrat metri 15-20 million so‘mlik kvartiralar ham bor. Fuqaroning sharoitidan kelib chiqib kvartira tanlanadi. Hozir Toshkent shahrida 420 million so‘m ipoteka krediti ajratiladi. Qo‘shimcha yana 30 million so‘m davlat boshlang‘ich badal to‘lab beradi. Bundan tashqari kvartiraning qiymati bilan ipoteka krediti orasida mablag‘ yetmay qolsa, ushbu holatlar uchun gibrid shaklidagi ipoteka ajratiladi. Ya’ni, yetmayotgan pulni tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan gibrid ipoteka shaklida berishi mumkin.
–Nima uchun quruvchi tashkilotlar subsidiyaga uy sotishdan qochadi? Bu qadar ishonchsizlik sababi nimada?
– Qurayotgan uy-joyi belgilangan muddatda topshirilishiga ko‘zi yetmagan qurilish pudratigina subsidiyaga uy-joy sotishdan bosh tortadi. Chunki, muammoli vaziyat. Subsidiya xabarnomasining muddati bor. Shu sababli o‘ziga ishonmagan, salohiyatsiz quruvchilar subsidiyaga uy sotmaydi. Bundan tashqari soliqlardan qochadi. Subsidiyada hammasi shaffof. Uyning narxini arzon yoki qimmat qilib ko‘rsata olmaydi. Shaffof ishlaydigan quruvchiga buning farqi yo‘q.
– 1 xonali uy olasizmi yoki 4-5 xonalimi farqi yuq. Ya’ni, 30 million so‘m to‘lab beriladi, xolos. Yana maksimal 420 million so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ga uy-joy topish mushkul. Subsidiyaga ajratilgan mablag‘ miqdorini hozirgi yangi qurilgan uylar narxidan kelib chiqqan holda oshirishning imkoni bormi?
– Subsidiyaga ajratilayotgan mablag‘ miqdori oshirilsa, uylarning narxi oshib ketadi. Ekspertlar shunaqa fikrda. Balansni ushlab turish uchun bu mablag‘larni oshirib bo‘lmaydi.
Suhbatning to‘liq variantini mazkur havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dLYXGgDcI4w?si=bfTPdn2nxUeuFgYA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA