Subsidiyadan samarali foydalanish zarur
“O‘zagroinspeksiya” ning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida suvni tejovchi texnologiyalardan unumli foydalanish masalalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida qaror ijrosi yuzasidan bir qator huquqbuzarliklar aniqlangan. Jumladan, Qamashi va Kitob tumanlarida yangi barpo etilgan tokzor maydonlariga joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanilishi va subsidiya mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 10 ta holatda jami 913 million 300 ming so‘m bajarilmagan ishlar uchun subsidiya mablag‘lariga qo‘shib yozish holatlari aniqlangan. Bu boradagi hujjatlar tegishli tartibda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Misol uchun, Kitob tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Panji Kishmishzorlari” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga tuman ishchi guruhi xulosasiga asosan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi uchun 280 million so‘m, nasos stansiyasi qurilganligi uchun 120 million so‘m jami 400 million so‘m subsidiya mablag‘i to‘lab berilgan. Amalda sifatlilik darajasini belgilovchi koeffitsiyentga 80 million so‘m qo‘shib yozilgan. Hujjatlarda qayd etilgan nasos stansiya qurilmaganligi sababli 120 million so‘m jami bo‘lib ishlab chiqarish kooperatsiyasiga bajarilmagan ishlar uchun 200 million so‘m subsidiya ortiqcha to‘langan.
[gallery-9300]
Boshqarma bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda 9145 gektar ekin maydonida 409 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilganligi uchun xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarining sohaviy inspektorlari tomonidan ushbu ekin maydonlarida doimiy ravishda profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan. Shunga qaramay monitoringlar davomida 145 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 3141 gektar maydonda 2022 yil hosili uchun ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanilmayotganligi aniqlandi.
Jumladan, Mirishkor tumanidagi “Hayitov Obidjon”, Kasbi tumanidagi “Abdullayev Fozil Farmonovich”, “Xo‘jam Xolmurodov”, “Shirinboy Elbegi”, “Kamol”, Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Chiroqchi tumanidagi “Azizbek”, “Meyliyev Abdurazzoq” fermer xo‘jaliklari tomonidan 2021 yilda paxta maydonlariga joriy etilgan tomchilab sug‘orish texnologiyasidan 2022 yil hosili uchun ekilgan paxta maydonni sug‘orishda foydalanmasdan ekin an’anaviy usulda sug‘orilgan.
Ma’lumot o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.02.2021 yildagi 95-sonli qarorining 5-bob 37-bandi talablari buzilganligi ya’ni suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilishda davlat byudjetidan subsidiya olgan talabgorlar suvni tejaydigan sug‘orish tizimidan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda maqsadli va samarali foydalanishlari lozimligi belgilangan.
Mazkur qarorning 38-bandida agar joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan yoki uning asosiy qismlaridan sug‘orish mavsumida foydalanilmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya quyidagicha tartibda qaytariladi ya’ni ikkinchi yildan foydalanilmasa subsidiyaning 80 foizi, uchinchi yildan foydalanilmasa subsidiyaning 60 foizi, to‘rtinchi yildan foydalanilmasa subsidiyaning 40 foizi, beshinchi yildan foydalanilmasa subsidiyaning 20 foizi subsidiya bergan vazirlik va idoraga belgilangan tartibda qaytarilishi qayd etilgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.