Stol tennisi ustalari Samarqandda bellashmoqda (video)
Samarqand shahrida stol tennisi bo‘yicha professionallar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslariga start berildi.
Respublikaning barcha hududlaridan 200 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borayotgan musobaqa xotin-qizlar bahsi bilan boshlandi.
[gallery-21848]
- Bu yilgi bahslarga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, - deydi Toshkent viloyati jamoasi a’zosi Marhabo Magdiyeva. – Yurtimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida joylarda stol tennisi ham ommalashib bormoqda. Natijada yildan-yilga mahoratli sportchilar safi kengaymoqda. Mamlakat chempionatida raqobatning kuchayishi xalqaro maydonlarda o‘tadigan musobaqalarga munosib nomzodlarni saralash imkonini beradi. O‘ylaymanki, bu galgi chempionatdan so‘ng eng mahoratli sportchilardan iborat terma jamoa saralanib, xalqaro musobaqalarda ushbu sport turi bo‘yicha ijobiy natijalar qo‘lga kiritiladi.
Musobaqa tashkilotchilari ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur chempionat bahslari orqali joriy yilda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga mahoratli tennischilar saralab olinadi.
Musobaqa 25 fevralga qadar davom etadi. Shu kuni o‘tkaziladigan final bahslari musobaqa g‘olib va sovrindorlarini aniqlab beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tbhqH0KqeWc" title="Stol tennisi ustalari Samarqandda bellashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Alisher ISROILOV (surat va video), O‘zA