Statistika sohasiga ham AKT keng joriy etilmoqda
Jahon bankining “Statistika salohiyati indeksi”da mamlakatimiz ko‘rsatkichlari muntazam o‘sib bormoqda. 2020 yil yakunida O‘zbekiston ayni me’yor bo‘yicha 100 ballik tizimda 67,8 ball qo‘lga kiritib, 61-o‘rinni egalladi va reytingda 2016 yilga qaraganda 62, 2019 yil hisobotiga nisbatan esa 16 pog‘ona ko‘tarilishga erishdi.
Ushbu ma’lumot Milliy matbuot markazida “Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi” mavzusiga doir o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda milliy statistikani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohaga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi natijasida statistika yuritish jarayoni avtomatlashtirilib, raqamlashtirilmoqda. Qo‘mita mutaxassislari tomonidan hisobotni Internet orqali onlayn qabul qilinishini ta’minlagan “eStat 4.0” avtomatlashgan axborot tizimi yaratildi. 2021 yil mart oyidan boshlab, 120 turdagi statistik hisobotni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, tanlanma statistik kuzatuvni planshet yordamida o‘tkazish amaliyotga joriy etildi. Narxni, axoliga xizmat ko‘rsatishni, ishlab chiqaruvchilar, dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tanlanma statistik kuzatuv bo‘yicha axborot tizimi yaratildi. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tanlanma statistik kuzatuvi axborot tizimi joriy etilib, respublikaning barcha hududlarida ishga tushirildi. Mazkur tizimlar o‘rnatilgan tartibda Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Ushbu loyihalar amalga oshirilishi bilan ma’lumotni qayta ishlash va yig‘ish uchun sarflanadigan vaqt 10 barobar kamaydi, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda transport xarajati sarfi sezilarli qisqardi.
YUNFPA bilan hamkorlikda aholini ro‘xatga olish jarayoni yoritib boriladigan aholi.stat.uz veb-sayti yaratildi va ishga tushirildi. BMT Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender ko‘rsatkichini o‘z ichiga olgan gender.stat.uz veb-saytidan foydalanilmoqda. Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bajarilishini monitoring qilish maqsadida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi ko‘magida Milliy BRM nsdg.stat.uz veb-sayti ochildi va ishga tushirildi.
- Davlat statistika qo‘mitasi MDH, Yevropa Statistika komissiyasi hamda BMT qoshidagi statistika idoralari bilan hamkorlikda ish olib boradi, - deydi qo‘mita matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – 2023 yilda mamlakatimiz axolisi qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Rossiya, Koreya, Belarus singari davlatlar tajribasi o‘rganildi. O‘tgan yili sinov tariqasida 4 hudud aholisi ro‘yxatga olindi. Jarayonda bir qator xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar faol ishtirok etdi va kerakli tavsiyalar berdi.
Davlat statistika qo‘mitasi uslubiy nizomlari va yo‘riqnomalarining tizimlashtirilgan ro‘yxatini shakllantirish, statistik kuzatuvni tashkil etish va o‘tkazish tartibi bilan tanishish imkonini beruvchi uslubiy materiallar joylashtiriladigan lib.stat.uz veb-sayti ishga tushirildi. Natijada statistik ma’lumotni vizuallashgan ko‘rinishda foydalanuvchiga taqdim etish hamda respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy holat bo‘yicha o‘n turdagi muhim ko‘rsatkichni onlayn yangilab borish va e’lon qilish, statistik va tahliliy ma’lumotni izlash uchun sarflanadigan vaqtni tejash imkoni yaratildi, so‘rovga asosan ma’lumot taqdim etish vaqti ikki barobar qisqardi.
Foydalanuvchi korxona va tashkilot davlat registri ma’lumotini AKTga asoslangan holda, qulay tarzda olishini ta’minlaydigan elektron interaktiv xizmat joriy etildi. Statistika hisoboti shaklini to‘ldirish hamda statistik shakl to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish bo‘yicha interaktiv maslahatni joriy etgan holda tadbirkorlar shaxsiy kabineti ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Statistik nashrlarga elektron buyurtma berish va mahsulotni onlayn sotib olish interaktiv xizmati ishga tushirildi.
Qayd etish joiz, Londondagi Ochiq ma’lumotlar instituti (ODI) baholash tizimi bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti (stat.uz) eng yuqori – “Platina” (Platinum) darajasiga erishgan.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA